07:15 / 16.05.2016
12091

Turk deputati yana bitta Rossiya samolyotini urib tushirishni taklif qildi

Turkiya parlamenti deputati  Shamil Tayyor Turkiyaning "Fenerbaxche" basketbol jamoasi Moskvaning TsSKA jamoasiga Yevroliga finalida mag‘lub bo‘lgandan keyin Rossiyaning yana bitta samolyotini urib tushirishga chaqirdi. U bu haqda tvitterda yozdi.

"Yana bitta Rossiya samolyoti urib tushirilishini istayapman!", deb yozdi Tayyor basketbol uchrashuviga izoh berib.

Siyosatchining bu gapiga tvitter foydalanuvchilari salbiy munosabat bildirdilar. Ko‘pchilik bunday gapirish shundoq ham havas qilsa arzigudek bo‘lmagan Rossiya-Turkiya munosabatlariga yanada katta ziyon yetkazishi mumkin, deb aytdilar.

Tayyor Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan asos solingan yetakchi Adolat va taraqqiyot partiyasi a'zosi hisoblanadi.

15 mayda TsSKA Yevropaning eng nufuzli basketbol musobaqasi – Yevroliga finalida Turkiyaning "Fenerbaxche" klubini yutib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Final uchrashuvi Berlinda bo‘lib o‘tdi va overtaymda 101:96 hisobi bilan yakunlandi. 

Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar 2015 yil kuzda turk harbiy-havo kuchlari Suriya hududida Rossiyaning Su-24 harbiy samolyotini urib tushirganidan keyin keskinlashib ketgandi.

Top