18:36 / 17.05.2016
7170

2016 yilning apreli 137 yildan buyon eng issiq aprel oyi bo‘ldi

2016 yilning aprel oyi ob-havo kuzatuvi tarixi bo‘yicha to‘liq rekord haroratni o‘rnatdi. Bu haqda Naked Science xabar qildi. O‘tgan oylar ham “rekordchi oylar” bo‘lgan edi. 

Aprel oyi meteorologik kuzatuv tarixidagi eng issiq oy bo‘lganini havoda suzish va kosmik fazoni tadqiq etish bo‘yicha milliy Boshqaruv (NASA) tomonidan tayyorlangan hisobot tasdiqlaydi. Tadqiqotchilarning fikricha, vaziyat yomonlashib harorat ko‘tarilib boradi.

2016 yilda 1950-1980 yillardagiga qaraganda suv va havo harorati 1 foizga ko‘tarilgan. Olimlarning fikricha, bunday keskin isish oqibatida kelgusi oylarda vaziyat og‘irlashishi mumkin.

Meteorolog Erik Xoltxuas havoning isishi oqibatida dengiz muzlari erishi va marjon qoyalarining oksidlanishi natijasida suv harorati ko‘tarilishini ta'kidladi.

Tez orada AQSh okean va atrof-muhit bo‘yicha tadqiqotlar Milliy boshqarmasi ham o‘z hisobotini e'lon qiladi. Hisobot doirasida ular ham “rekordchi oylar” nomini ma'lum qilishadi.

O‘tgan mart oyi ham 137 yillik meteorologik kuzatuv tarixida eng issiq mart oyi bo‘lgandi. Shu ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, 2016 yil meteorologik kuzatuv tarixidagi eng issiq yil bo‘lishini kutish mumkin.

Naked Science jurnali ma'lumotiga ko‘ra, Germaniya va Kipr olimlari havo haroratining oshishi natijasida Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi bir necha hududlarni insonlar tark etishi haqidagi xulosaga kelishgan. Bu yerlarda havo harorati ekstremal 200 darajagacha ko‘tarilib, insonning hayot kechirishiga imkon qoldirmaydi.

Odamzotning faoliyati global isishning asosiy sababi deb keltirildi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar esa vaziyatni keskin o‘zgartirish uchun kamlik qiladi.

Top