Bugun Shveytsariyaning Bazel shahrida joylashgan «Sankt-Yakob Park» stadionida Yevropa Ligasining joriy mavsumdagi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Unda bosh sovrin uchun turnirning amaldagi g‘olibi - «Sevilya» (Ispaniya) va «Liverpul» (Angliya) jamoalari maydonga tushishadi.
Bo‘lajak final UYeFA kubogini ham hisobga olganda, turnirning 45-hal qiluvchi uchrashuvidir. Musobaqa Yevropa Ligasi nomini olganidan keyingi davr uchun esa, hisob bo‘yicha 7-finaldir.
«Sevilya» 2006, 2007, 2014 va 2015 yillarda bu turnir finalida g‘alaba qozongan.
«Liverpul» esa turnir UYeFA Kubogi deb atalgan vaqtlarda, 1973, 1976 va 2001 yillardagi finallar g‘olibi bo‘lgan.

Bugungi finalda g‘olib chiqqan jamoa 15 kilogrammli kubok bilan birga keyingi mavsumda YeChLning guruh bahslarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Qayd etish kerakki, ikki jamoa ham ichki chempionatlar yakuniga ko‘ra, YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘la olmadi, «Liverpul» APL yakunlariga ko‘ra, sakkizinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, «Sevilya» La Ligada yettinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. Unay Emeri jamoasi oxirgi 9ta turdan faqat bittasida, «Betis»ga qarshi derbida g‘alaba qozona oldi.
«Liverpul» Yevropa Ligasida «Rubin», «Son» va «Bordo» jamoalariga qarshi bahslar o‘tkazdi. Guruh bosqichida birinchi o‘rinni egallagan jamoa keyingi bosqichlarda «Augsburg» (0:0, 1:0), «MYu» (2:0, 1:1), «Borussiya D» (1:1, 4:3) hamda «Vilyarreal» (0:1, 3:0) jamoalarini ortda qoldirdi.

«Sevilya» esa mavsumni YeChLda boshladi. «Yuventus», «Manchester Siti» va «Borussiya M» bilan guruhda uchinchi o‘rinni egallagan jamoa YeLning pley-off uchrashuvlarida «Malmyo» (3:0, 0:1), «Bazel» (0:0, 3:0), «Atletik» (2:1, 1:2, penaltilar bo‘yicha 5:4) va «Shaxtyor» (2:2, 3:1) jamoalari to‘sig‘idan o‘tdi.
Final Toshkent vaqti bilan soat - 21:45da boshlanadi. O‘yinga shvetsiyalik Yunas Eriksson hakamlik qiladi.
UYeFA kubogiga 1971 yili asos solingan. Unga qadar ham ayni shu tartibda o‘tkaziladigan musobaqa bo‘lgandi. Faqat, uni Yarmarkalar kubogi, deb atashgan. 2008-2009 yillar mavsumidan boshlab, musobaqa formati o‘zgartirildi va turnirga Yevropa Ligasi nomi berildi. 1998 yilga qadar mazkur turnirda o‘z mamlakati kubogini qo‘lga kiritgan jamoalar ishtirok etmasdi. O‘sha mavsumdan boshlab Kubok egalari kubogi turniri UYeFA kubogi bilan birlashtirildi. Shuningdek, o‘yinlar format bo‘yicha xuddi YeChL singari o‘tkazila boshlandi.












