09:21 / 19.05.2016
3744

EgyptAir’ning yo‘qolgan samolyotini qidirish ishlariga Misr va Gretsiya harbiy aviatsiyasi jalb qilindi

Misr va Gretsiya harbiy aviatsiyasi EgyptAir aviakompaniyasining O‘rta Yer dengizi osmonida radarlardan yo‘qolib qolgan Airbus A320 rusumli yo‘lovchi samolyotini qidirish ishlariga jalb etildi. Bu haqda Misrdagi SVS telekanalining tvitterida xabar qilingan.

Parij shahridan Qohiraga uchishni amalga oshirgan samolyot Gretsiya havo hududiga kirganidan 20 daqiqa o‘tib, Misr hududiga yetishiga 15 daqiqacha vaqt qolganida aloqaga chiqmay qo‘ygandi.

EgyptAir aviakompaniyasi tvitterida samolyotning radarlardan yo‘qolgani haqidagi ma'lumot tasdiqlangan.

Avvaliga samolyot Misr havo hududidan 80 mil (128 km) masofada, 11 km balandlikda ekanida aloqadan uzilganini ma'lum qildi. Keyinroq aniqlik kiritilishicha, samolyot Misr havo hududiga kirganidan keyin, 16 km masofni uchib o‘tgach radarlardan yo‘qolgan.

Yo‘qolgan samolyot bo‘yicha Misrdagi barcha aviatsiya xizmatlari vakillarini o‘z ichiga olgan tezkor shtab tuzilgan.

MS804 reysi Parijdagi "Sharl de Goll" aeroportidan mahalliy vaqt bilan 18 may kuni soat 23:09da (Toshkent vaqti bilan 19 may kuni soat 03:09) havoga ko‘tarilgan. Uning bortida 59 nafar yo‘lovchi hamda ekipajning 10 nafar a'zosi bo‘lgan.

FlightRadar 24 sayti ma'lumotiga ko‘ra, reys 2003 yilda EgyptAir tomonidan sotib olingan Airbus A320-200 samolyotida amalga oshirilgan.

Top