00:31 / 19.05.2016
4799

Google yangi "aqlli" Allo messenjeri hamda videoqo‘ng‘iroqlar uchun Duo dasturini namoyish etdi

Har yili an'anaviy tarzda o‘tkaziladigan Google I/O anjumanida kompaniya yangi Allo messenjeri hamda videoqo‘ng‘iroqlarni amalga oshiruvchi Duo dasturini taqdim etdi.

Messenjerning asosiy ajralib turuvchi jihati - ichiga o‘rnatilgan assistentidir. Uning yordamida dasturning o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozishuv va qidiruvlarni amalga oshirish, o‘yinlar o‘ynash  mumkin. Google qayd etishicha, mazkur chatbotda kompaniya ma'lumotlar bazasiga ulanish imkoni mavjudligi uchun raqobatchilariga nisbatan ancha aqlliroqdir. Shu hususiyat tufayli  Google boti odatiy botlarga nisbatan ancha murakkab bo‘lgan so‘rovlarni tushuna oladi. Shuningdek, bot boshqa foydalanuvchilar bilan  yozishuvlar davomida javoblarni taklif qila oladi. 

Allo’ning yana bir jihati – xabar jo‘natilayotganda uning hajmini belgilay olish imkoniyatidir.  Shu tariqa muhim xabarni ajratib olish mumkin.
Barcha xabarlar shifrlar bilan himoyalangani uchun hujumkor shaxslar ularni o‘qiy olmaydi. Biroq Google xizmati xabarlarni qayta ishlab chiqsa-da, ularni o‘zida saqlab qolmaydi.  Bundan havotir olganlar uchun messenjerda Chrome brauzeri kabi «Inkognito» rejimi mavjud. Mazkur rejimda Google xabarlarni qayta ishlab chiqmaydi va shunga muvofiq, Allo assistentining tavsiyalarisiz harakat qila olmaydi. 

Messenjerning qolgan funksiyalari foydalanuvchilar uchun ancha tanish: unda stikerlar, yetkazib berish indikatori, xabarlarni o‘qish va ko‘p miqdordagi sozlamar mavjud.

Videoqo‘ng‘iroqlar uchun Duo xizmati iOS uchun Facetime funksiyalarini takrorlaydi.  
Har ikkala dastur 2016 yilning yoz oyida ishga tushiriladi.
 

Top