10:46 / 19.05.2016
9605

Iqtisodchi: Janubiy Koreya O‘zbekistonning bosh hamkori

O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning biznesni qurish falsafasi va iqtisodiy rivojlanish modeli o‘xshash, bu Seulga Toshkent bilan iqtisodiy hamkorlik qilish uchun barqaror platsdarm yaratishga imkon beradi. Bu haqida RFA Iqtisodiyot instituti xodimi, MDH davlatlari institutining iqtisodiyot bo‘limi rahbari Aza Migranyan ma'lum qilgan. 

18 may kuni Janubiy Koreya bosh vaziri Xvan Ge Anning Toshkentga tashrifi doirasida respublika prezidenti Islom Karimov bilan muzokaralar o‘tkazildi. Bunda asosiy e'tibor iqtisodiy hamkorlikka qaratildi - Seul O‘zbekiston uchun tashqi iqtisodiy aloqalarda bosh hamkor hisoblanadi. 

Janubiy Koreya O‘zbekistonni doimiy strategik hamkori sifatida qabul qiladi. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda global raqobat kuchaygan bir paytda bunday hamkorlik Seul uchun barqaror sotuv hajmini ta'minlaydi. Janubiy Koreya hukumati ikki tomonlama foydali hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida. 

"Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, O‘zbekistonning Janubiy Koreya bilan o‘zaro aloqalari chuqur tus olgan. Hamkorlik yangi texnologiyalarni qo‘llash hamda iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan. Toshkent iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishda uzoq muddatli strategik hamkordir , - dedi Migrayan".

O‘zbekiston Janubiy Koreyadan mashinalar, asbob-uskunalar, ishlab chiqarish vositalarini oladi va o‘z navbatida u yerga paxta hamda energiya resurslarini yetkazib beradi. Jumladan, yengil avtomobillar ishlab chiqarishda Janubiy Koreya uskunalaridan foydalaniladi, shu bilan birga Seul gazni va energetik resurslarni qayta ishlash bo‘yicha yangi texnologiyalarni yo‘lga qo‘yishda, ko‘mak berib kelmoqda.

Ekspertning ta'kidlashicha, O‘zbekistonga eksport qilish bo‘yicha Janubiy Koreya birinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga amalga oshiriladigan eksport hajmiga ko‘ra, mamlakat  oltinchi o‘rinni egallaydi.

"Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi tashqi iqtisodiy faoliyatida aynan O‘zbekistonga asosiy e'tibor qaratiladi. Savdo-sotiq hajmi taxminan 1-1,5 milliard dollarni tashkil qiladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning umumiy hajmi 3 milliard dollardan ortiq qiymatga ega", - dedi iqtisodchi. 

Bundan tashqari, ikki davlat gumanitar sohada ham faol hamkorlik qilishmoqda. Migrayan "iqtisodiy bilimlar"ga oid ta'lim sektorida  Koreyaning ishtirokini ta'kidladi.

Top