21:15 / 19.05.2016
7248

OAV: EgyptAir samolyoti bortda bomba portlashi tufayli qulagani alomatlari mavjud

AQSh maxsus xizmatlari EgyptAir samolyoti bortdagi portlovchi qurilma harakatga kelishi tufayli qulaganini taxmin qilgan. Bu haqda maxsus xizmatlardagi nomi sir tutilgan manbaga asoslanib, CNN xabar tarqatgan.

Telekanal xabariga ko‘ra, dastlabki belgilar samolyot bortida portlash ro‘y berganidan darak bermoqda.

Bundan oldinroq, AQSh Maxsus xizmatlari fransiyalik va misrlik hamkasblari bilan ma'lumotlar almashishda hamkorlik qilishi bo‘yicha ma'lumot berilgandi.

19 mayga o‘tar kechasi Parijdan Qohiraga MS804 reysini amalga oshirgan yo‘lovchi samolyot Misr qirg‘oqlaridan 250 km shimolda, Gretsiyaning Krit orolidan janubdagi hududda radardan yo‘qoldi.

56 yo‘lovchi va 10 nafar ekipaj a'zosi bilan uchgan samolyot qulab tushgani tasdiqlandi.

Misr bosh vaziri, Rossiya FXX rahbari hamda AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp bu hodisa terakt bo‘lishi mumkinligini aytishdi.

O‘rta yer dengizidagi orollarda yashovchilar samolyot radardan yo‘qolgan vaqtda osmonda "olovli shar"ni ko‘rishgan.

Shuningdek, Al-Jazirah telekanali tomonidan internetga EgyptAir aviakompaniyasining O‘rta Yer dengizida halokatga uchragan samolyotining qulash jarayonining bir qismi tasvirlangan video joylashtirildi.

Top