18:49 / 19.05.2016
21335

Toshkentdagi uylardan biri pod'yezdiga tashlab ketilgan 10 oylik bolaning ota-onasi topildi

16 may kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi uylardan birining pod'yezdiga tashlab ketilgan go‘dakning ota-onasi topilgan. Bu xabar Facebook’dagi "Potrebitel.uz" guruhida ma'lum qilingan.

18 may kuni shu guruhi a'zolari Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birining pod'yezdiga taxminan 9–10 oylik bolakay tashlab ketilgani haqida yozishgandi.

Bolani topgan militsiya xodimlari uni Uchtepa tumanidagi 3-sonli shahar bolalar klinik shifoxonasiga olib borishgan. Shifokorlar go‘dakni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, uni mehribonlik uyiga yuborishga tayyorlashgan.

Bolani kim va qanday tashlab ketgani noma'lum edi.

Ushbu xabar internet foydalanuvchilari o‘rtasida keng muhokama qilindi.

"Bechora bola, biram shirin, biram quvnoq… (ko‘rinishidan sog‘lomga o‘xshaydi). Odamlar orasida tirnoqqa zorlar qancha, mana shunday guldek go‘dakni tashlagan ablah kim ekan? Axir hatto mushuk bolasini ham e'lon orqali begona qo‘llarga topshirishadi, bular esa tirik bolani pod'yezda tashlab ketishgan…", — deb izoh bergan Alisher Tsvetkoff niki ostidagi foydalanuvchi.

Barmat Baxadyr ismli foydalanuvchi bunga javoban "Nimaga bu go‘dakni mening darvozamning oldiga tashlab ketishmadi", deb yozadi afsus bilan.

Foydalanuvchilar orasida jamoatchilikni bolaning ota-onasini qoralamaslikni so‘raganlar ham ko‘p. 

"Balki, bolakayning ota-onasiga biror kor-hol ro‘y bergandir…", deb savol tashlagan Abdug‘affor Xakimov.

Internet foydalanuvchilarining aksariyati ushbu hodisa baxtli yakun topishiga ishonch va umid bildirishgan edi.

19 may kuni UZ24 nashrining shifoxonadan olgan xabarga ko‘ra, bolakayning ota-onasi topilgan.

"Bolakayning ota-onasi topildi, chaqaloq o‘zini yaxshi his qilmoqda", — deb xabar qilgan qabulxona vakili.

Bolani uning onasi olib ketgan.

Lekin go‘dakning qay tariqa yo‘qolib qolgani tafsilotlari ma'lum qilinmagan.

Toshkentdagi uylardan birining pod'yezdiga 10 oylik go‘dak tashlab ketildi

Top