11:48 / 20.05.2016
7667

BMT: dunyo miqyosida o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 2000 yildan beri besh yilga o‘sdi

Dunyo miqyosida o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 2000 yildan beri besh yilga ko‘paydi va 71 yoshni tashkil etdi. Bu haqda  Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (BSST) yangi ma'ruzasini o‘qib eshittirgan BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik jurnalistlarga ma'lum qildi. Ma'lumotlarga qaraganda,eng uzoq umr ko‘ruvchi kishilar Yaponiya va Shveytsariyada, eng qisqa umr ko‘ruvchilar esa - Serra-Leoneda yashashar ekan.

"Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo miqyosida o‘rtacha umr ko‘rish 2000 yildan beri 5 yilga ortganini ma'lum qildi. Bu 1960 yildan beri eng keskin o‘sish hisoblanadi", - dedi u. Stefan Dyujarrikning so‘zlariga ko‘ra, 2015 yilda tug‘ilgan bolaning o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 71,4 yoshni tashkil qilmoqda. Bunda qizlar taxminan 74, o‘g‘il bolalar esa 69 yil yashashi mumkinligi qayd etilgan.

Bundan tashqari BSST ekspertlari aniq ko‘rsatkichlar insonning tug‘ilgan joyiga ham bog‘liqligiga e'tiborni qaratishmoqda. 

"O‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 86 yoshdan iborat yaponiyalik ayollar eng uzoq hayot kechirishga umid qilishlari mumkin, Shveytsariyada esa erkaklarning ko‘proq umr ko‘rishi tasdiqlangan, bu yerda o‘rtacha umr ko‘rish 81 yosh deb belgilangan. Serra-Leone aholisi eng qisqa umr ko‘ruvchi hisoblanib, ayollar uchun 50, erkaklar uchun 49 yosh o‘rtacha umr ko‘rsatkichini belgilaydi", - deya ta'kidladi Dyujarrik.

Top