06:01 / 20.05.2016
5277

Toshkent hayvonot bog‘ida 22 may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuniga bag‘ishlab “Hayvonot dunyosini asraylik” deb nomlangan aksiya o‘tkazildi

O‘zbekiston Ekologik harakati tashabbusi bilan Toshkent hayvonot bog‘ida 22 may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuniga bag‘ishlab “Hayvonot dunyosini asraylik” deb nomlangan aksiya o‘tkazildi.

Unda deputatlar, Ekoharakat faollari va “Yoshlar qanoti” vakillari, “Medical yexrgess” nodavlat notijorat tashkiloti, “Rromeduz” mas'uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz betakror tabiati, noyob hayvonot va o‘simlik dunyosi bilan ajralib turadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 27 maydagi “2013-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida tabiiy resurslarni asrab-avaylash yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

– O‘zbekistonda o‘n besh mingdan ziyod hayvon, to‘rt yarim mingdan ziyod o‘simlik turi uchraydi, – deydi O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Umida Komilova. – Ularning muayyan qismi faqat bizning mintaqamizda mavjud. Ushbu noyob turlarni asrash, ko‘paytirish, muhofaza etiladigan hududlarni kengaytirish, tabiatga yetkazilayotgan salbiy ta'sirlarning oldini olish mamlakatimizdagi iqtisodiy-ekologik siyosatning muhim yo‘nalishidir.

Bugungi kunda yurtimizda sakkizta davlat qo‘riqxonasi, bitta biosfera rezervati, ikkita tabiat bog‘i, o‘n ikkita davlat buyurtmaxonasi, uchta noyob hayvon turlarini ko‘paytirishga ixtisoslashgan pitomnik va boshqa muassasalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, Toshkent hayvonot bog‘ida 360 ga yaqin turdagi hayvonlar parvarishlanmoqda. Hayvonlarni muhofaza qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar natijasida noyob jonivorlar turlari kamayib ketishining oldi olinmoqda.

Aktsiya davomida mutaxassislar ko‘rgazmali ravishda yaqinda dunyoga kelgan ayiq bolalarini “Medical yexrgess” nodavlat notijorat tashkiloti va “Rromeduz” mas'uliyati cheklangan jamiyati taqdim etgan vitaminlar bilan oziqlantirdi. Bunday vitaminlar boshqa hayvonlarga ham beriladi.

S.Shoyeva, O‘zA muxbiri.

Top