00:43 / 21.05.2016
8506

Biologlar mushak to‘qimalari jarohatdan so‘ng qanday qilib tiklanishini o‘rganishdi

Monash regenerativ tibbiyot instituti olimlari mushaklarning jarohatdan so‘ng qayta tiklanish holatidagi birinchi bosqichni kuzatishdi. Tadqiqot Science jurnalining yangi sonida chop etilgan

Biologlar mushak va asab regeneratsiyasiga qodirligi bilan tanilgan danio-rerio balig‘ini o‘rganib chiqishdi. Olimlar mushaklarning katta ildiz hujayralariga ko‘proq e'tibor qaratishdi. Mushaklar shikastlangan holatda ularni qayta tiklashda faol ishtirok etuvchi ildiz hujayralar to‘plash jarayoni amalga oshadi. Baliqlar shaffof tusda bo‘lgani uchun olimlar qayta tiklanish jarayonini real vaqt rejimida kuzatishga muvaffaq bo‘lishgan, deb yoziladi maqolada.

Mutaxassislar anchadan buyon mushaklar regeneratsiyasida ildiz hujayralarning ishtirokini o‘rganib kelishgan bo‘lsa-da, bu tadqiqotlar hayvonlar bilan emas, faqatgina hujayra namunalarida amalga oshirilgan.

Tadqiqot mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, mushaklar qayta tiklanishi jarayonini puxta o‘rganish yoshi keksa insonlar va mushak distrofiyasi mavjud bo‘lgan bemorlar hayot tarzini yaxshilashga, shuningdek, mushak jarohatlarini olgan sportchilarga yordam berishda katta xizmat qiladi.

Top