17:23 / 21.05.2016
5065

Qirg‘iziston prezidenti harbiy xizmatchilar hayoti uchun javobgarlikni kuchaytirishni talab qilmoqda

Qirg‘iziston davlat rahbari Almazbek Atambayev, mamlakat armiyasi askarlarining hayoti va sog‘ligi uchun harbiy qism va bo‘linmalar komandirlarining mas'uliyatini kuchaytirishni talab qilmoqda. 

Atambayev Qirg‘iziston Bosh shtabi rahbari Raimberdi Duyshenbiyev bilan o‘tkazgan uchrashuvida shunday bayonot bergan.

Prezident harbiy rahbariyat intizomni kuchaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish lozimligiga ham alohida urg‘u bergan. 

2 kun avval, Qirg‘iz harbiy qismlaridan birida, o‘q-dorilar bilan ehtiyotsiz muomala qilgani bois, shartnoma asosida xizmat qilayotgan xizmatchi hayotdan ko‘z yumdi. 

Fevral oyida ayni harbiy qismda 2 marotaba favqulodda holat ro‘y bergan edi: muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askar, Issiqko‘ldagi harbiy o‘quv mashg‘ulotlarda peshonasidan yaralangan va vafot etgan edi. U qurol bilan selfi tushayotganda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ygandi.

Yana bir harbiy xizmatchi esa, granata portlashidan so‘ng, sodir bo‘lgan otishmada oyog‘idan jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan edi.

Top