Jahon | 12:02 / 22.05.2016
8429
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Tolibonlar yetakchisi tirik bo‘lishi mumkin

Afg‘oniston bosh vaziri Abdulla Abdulla “Tolibon” harakati yetakchisi Mulla Axtar Mansur AQSh havo hujumi orqali yo‘q qilingani ehtimolini tasdiqladi. Bu haqda Reyter agentligiga asoslanib RIA Novosti xabar qildi

Eslatib o‘tamiz, tolibonlar rahbarini bartaraf etish maqsadidagi aviahujum shanba, 21 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 (Toshkent vaqti bilan ham 15:00)da Pokistonda Afg‘oniston poytaxtiga yaqin Ahmad-Val shahrida amalga oshirilgan edi. Bombardimon amaliyotida Amerikaning bir necha uchuvchisiz samolyotlari ishtirok etdi. Ular jangarilar rahbari borligi taxmin qilingan avtomobilni nishonga olgan. 

“O‘tgan tunda AQSh ma'muriyati vakillari bu haqda Afg‘oniston hukumatiga xabar qildi. Mulla Mansur o‘ldirilgani haqiqatga juda yaqin. Qo‘shimcha ma'lumot olishimiz bilan, xalqqa yetkazamiz”, - dedi bosh vazir. 

Biroq Samaa telekanali, havo hujumi natijasida mulla Mansur emas, taksi haydovchisi va yo‘lovchi halok bo‘lgan, deb xabar bermoqda. Tolibonlar vakili ham harakat yetakchisining o‘limi to‘g‘risidagi ma'lumotni inkor etdi. 

Pentagon vakili Piter Kuk esa harbiy amaliyot natijalari tahlil etilayotgani va qo‘shimcha ma'lumotlar keyinroq ma'lum qilinishini bildirdi.