20:49 / 24.05.2016
5503

“Eng faol sport jurnalisti” tanlovi e'lon qilindi

O‘zbekistonda ommaviy sportni yanada rivojlantirish, uning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka atroflicha yetkazish, bu boradagi targ‘ibot va tashviqot ishlarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamkorlikda “Eng faol sport jurnalisti” respublika tanlovini o‘tkazadi.

Tanlovga 2015 yil 1 iyundan 2016 yil 1 iyungacha gazeta va jurnallarda, internet nashrlarida e'lon qilingan materiallar, efirga uzatilgan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar qabul qilinadi.

Tanlov g‘oliblari uchun quyidagi mukofotlar ta'sis etilgan:

  1-mukofot – eng kam ish haqining 20 barobari miqdorida;
  2-mukofot – eng kam ish haqining 15 barobari miqdorida;
  3-mukofot – eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida.

Tanlov doirasida rag‘batlantiruvchi mukofotlar ham ko‘zda tutilgan. 

Tavsiya etilayotgan televideniye bo‘yicha videomateriallar, axborot tashuvchi vositaning qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat'i nazar, 3 daqiqadan 30 daqiqagacha, radioeshittirishlar (sistemali disk yoki fleshka) 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak. Matbuot va internet materiallari davriy nashrning asl nusxasi yoki ko‘chirma nusxasida taqdim etiladi.

Materiallar (beshtadan kam bo‘lmagan holatda) tanlovga tahririyat tavsiyasi bilan joriy yilning 15 iyunigacha muallifning ish joyi, telefoni, manzili va professional faoliyati haqidagi ma'lumotlar va pasport nusxasi ilova qilingan holda taqdim etilishi lozim.

“Eng faol sport jurnalisti” tanlovi g‘oliblariga mukofotlar Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlab 27 iyunda o‘tkaziladigan bayram tadbirida topshiriladi.

Materiallar “Eng faol sport jurnalisti” tanloviga deb ko‘rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:

Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5-uy. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi.  

Barcha faol sport jurnalistlarini tanlovda ishtirok etishga taklif qilamiz.

Telefonlar: 239-46-21, 239-44-78.

Top