09:45 / 25.05.2016
4342

2014 yilgi Italiya Kubogi finali arafasida «Napoli» muxlisini o‘ldirgan «Roma» muxlisi 26 yilga qamaldi

Italiya sudi «Roma» muxlisi Daniel De Santisga «Napoli» muxlisi Chiro Espozitoni o‘ldirgani uchun hukm chiqardi.

Sud hakami de Santisga 26 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan.

2014 yilning 3 may kuni Italiya Kubogi finalida «Napoli» va «Fiorentina» jamoalari Rimdagi stadionda uchrashgan (3:1), o‘shanda fan-klublar o‘rtasida ommaviy to‘qnashuvlar sodir bo‘lgandi.

De Santis tergovda o‘sha kuni kioskda ishda bo‘lgani, o‘zi tomonga bostirib kelgan olomonga qarshi himoya choralarini ko‘rgani haqida gapirib bergan.

Lekin tergovda marhum Espozito tartibsizliklarda ishtirok etmagani, De Santis esa uni ortdan turib otgani ma'lum bo‘ldi. «Napoli» muxlisi 53 kun davomida shifoxonada bo‘lgan, ikki marta operatsiya qilingan, ammo uni saqlab qolishning iloji bo‘lmagandi.

«Men de Santisni voqeaning keyingi kunidayoq kechirganman. Men unga nisbatan nafrat tuyg‘usini his qilmadim, lekin adolat istadim.

Bugun aytishim mumkinki, hukm adolatli bo‘ldi. Mening o‘g‘lim nafrat jinoyati qurboni bo‘lishi adolatsizlik bo‘lgandi», – deydi marhumning onasi.

Top