12:17 / 25.05.2016
12668

Muammolar girdobida yurganlar uchun: bir mushtipar ona jasorati

— Salom-salom, marhamat, kiring. Men, hozir, tirnoqlarimni quritib olay…

— Tirnoqlarimni? Qanaqa tirnoqlar? — dedi hayratga tushgan psixolog.

U onkologik kasallikka chalinganlar ruhiyati bilan ishlab keladi. Aniqrog‘i, ana shunday xastalikka chalingan bolalarning ota-onasi bilan ishlaydi. Bu ish emas, balki jazo. O‘limga hukm etilganlar bilan doimiy aloqa.

Uning mizojlari tirnoqlarini bo‘yamaydi. Yorqin-da ko‘rinishmaydi, kulishmaydi, jilmayishmaydi. Bayram va tantanlar ular uchun emas. Umuman hayot ular uchun emas. Ular qora kuylaklarda, xir tortgan ko‘zlar va so‘lg‘in yuzlarda yurishadi. Doimiy ravishda bir nuqtaga tikilganlaricha o‘tiraverishadi, o‘tiraverishadi... Ular har kungi qora kun bilan yashashadi va navbatdagi qora kunni kutishadi. 

Psixolog ularga o‘z jonlariga qasd qilib qo‘ymasliklari uchun zarur. Bolasi o‘lgach, ko‘pchilik ana shunday fikrga kelib qoladi. Psixolog “nima uchun?”, degan savolga javob topishlari uchun kerak. Navbatdagi “nima uchun?”ga.

— Qanaqa tirnoqlar? — deb so‘radi psixolog. — Siz Oydinning onasimisiz? Ismingiz Latofatmi?
— Ha, men o‘shaman. Mana bu tirnoqlar haqida gapiryapman, — deb jilmaydi ayol. U barmoqlarini yoyib ko‘rsatganida, ajoyib etib laklangan tirnoqlar xona chirog‘ida yaltirab ketdi.

Latofatning yoshi 30 da. 2 yil muqaddam uning to‘rt yoshli qiziga onkologik kasallik bilan chalingani haqida tashxis qo‘yildi. 4 bosqich bo‘yicha. O‘shanda u bu gapni eshitib, umidsizlikdan yerga cho‘kalab qoldi, sal qolsa aqldan ozayozdi. 

Bu hali hammasi emas edi. U har safar qiziga qaraganda qattiq ezilar, inson bolasi ko‘tara olmaydigan yuk uni ezardi. Bu holat tushlariga ko‘chdi. U tushida tubsiz quduqqa qular, qulardiyu, jon zahmida uning devorlarini ushlab olar, barmoqlari orasidan qon sizar, tirnoqlari sinar, joyida to‘xtab qolar edi. Og‘riqlar ostida uyg‘onib ketardi.

Ona-bola kurashishardi, albatta.

Latofat qo‘lidan kelgan barcha ishni qilar edi: ana'naviy tibbiyot, noana'naviy tibbiyot. Shifokorlar, tabiblar ko‘rigi... Dorivor giyohlar ham yordam bermadi. Folbinlarni aytmaysizmi? Onkologiya shifoxonalarining eng zo‘rlari.

«Balki, shu foyda berar» , degan tushuncha metastazlar qizining miya suyagiga yetib borgach, barham topdi. Uning xayolidan bir gap o‘tdi: “barchasi tamom”.

Latofat tushunib yetdiki, u endi hech narsani o‘zgartira olmaydi. Ikkita tanlov qolgan edi: yashash va o‘lish. U ulardan birini tanlashga majbur edi.

Inson uchun doim tanlov imkoniyati bo‘lib kelgan, hatto qatl uchun o‘limga olib ketilayotgan mahbusning ham tanlov imkoniyati saqlanib turadi. Latofat bilardiki, ana shu ikkita tanlov uni barchasidan ozod etadi. 

U yashashni tanladi. Go‘yoki “hech narsa sodir bo‘lmagandek”. U shu paytga qadar hayotida yuz bergan og‘riqlarni umri so‘ngiga qadar yashab o‘tishni istamadi. U o‘zinida, qisqa umri qolgan qizinida hayotini barbod etishni xohlamadi.
YaShASh zarur edi, KUTISh emas...

Ha, kasalxona palatasi va har kunlik zaharli dorilar qizining umrini uzaytirishga qaratilgan edi. Bu narsani umr ham deb bo‘lmasdi, aksincha bitmas-tuganmas og‘riqlar edi...

Oydin doim yig‘lar va uyga ketaylik, deya qo‘ymasdi. Uyga — qo‘g‘irchoqlari yoniga shoshilardi u. Multfilmlarni, onasi pishirib beradigan shirin-shirin ovqatlarni-chi?.. Qanchalik sog‘ingan edi ularni. Kasalxonada esa kurash ketardi. Yakuni ma'lum bo‘lgan bu kurash nega zarur edi aslida?

Latofat bolasini uyga olib ketdi.
— Bu ayol jinni bo‘lib qolganmi? — deyishdi boshqa ayollar. — Bolasiga rahmi kelmaydimi?
Latofat barchasini hissiyotsiz tarzda, aqlan bilib bajarar edi. U quduqqa qulashni bas qilgan edi. Qaddini, boshini ko‘tardi va osmonni ko‘rdi. Osmon bag‘rida ko‘zni qamashtiruvchi quyosh nurlarini ilg‘adi.

Latofat Oydinni mahkam quchoqlagancha, uyga qaytar ekan, qiziga qarata:
— Uyga ketyapmiz, Oydinginam, uyga... — dedi. 
— Biz bu yerga boshqa qaytmaymizmi? — umid bilan onasiga boqib so‘radi qizcha.
— Yo‘q. Hech qachon, — dedi qat'iy ohangda ayol.

Shu kundan boshlab, Oydinning holidan ruhshunos tez-tez xabar oladigan bo‘ldi. Ona ham mutaxassis bilan yaxshi chiqishib, u bilan hamkorlik qila boshladi.

Odamlar barcha narsaga qiziquvchan, andishasizlikmi yoki qiziqishdanmi va yoki hamdardlik yuzasidanmi, unga doim bir savol berishardi. 
— Qalaysan?
Bu savol Latofat qalbining tub-tubiga singib ketar, ayol ularga hayratlanib qarar, ichida hamon isyon qilayotgan og‘riqlarni tashqariga chiqarmaslikka tirishar, sabr va ochiq yuz ila:
— Zo‘rman. Hammasi joyida, — deb javob qaytaradi. — Bugun aylangani ketyapmiz. Muzqaymoq olamiz, arg‘amchi uchamiz, bog‘ni sayr qilamiz.

Odamlar unga ajablanib qarab qolishardi. Bunga nima bo‘lgan o‘zi? Uning aytayotgan gaplarini bolasi sog‘lomlar ham kam gapiradi, bu esa... Bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham unga maslahat berishga urinar, hayotlar daftarini varaqlab, undan arzigo‘lik gap topib, ayolni yupatishga intilishar edi. Ayrimlari yig‘lab olishar, xo‘rsinib, mayus boqishardi.


Latofat esa barchasiga boshqacha qarar edi. Uning hayot daftari yangidan tutilgan, har bir kuni, varag‘iga chiroyli bitiklarni bitardi. Har bir kun uchun shukronada bo‘lar, yashashda davom etardi. Hayotining har bir sahifasini qizining kulgisi, qiyqirig‘i, tabassumi, shirin bo‘lib uxlab yotishi to‘ldirar edi. Tun cho‘kardi. U qiziga ertak aytib berar, qiziqib bergan savollariga erinmasdan javob qaytarar, so‘ngra Oydinning og‘ir-og‘ir nafasini eshitgancha uxlab qolar edi. Ertasiga esa, yana bir kun boshlanar, Latofat bariga shukr qilgancha, yashashda davom etardi. 


Ota-onasi, qarindoshlari, xullas, barcha-barcha yaqinlari unga dashnom bera boshlashdi: “Qizingni xarob qilyapsan. Uni shifoxonaga olib bor. Sen unga qaray olmaysan. Qanaqa onasan axir?..”. Latofat ularning gapini o‘ylab qolardi. To‘g‘ri gapiryapti. Har xil tibbiyot uskunalari ostida yotgan, qoniga turli preparatlar yuborilayotgan qizi bu muolajalar tufayli bir necha kun uzoq umr ko‘rishi mumkin. Ammo bu umr bo‘ladimi? Bunday yashash, umrni yashash hisoblanadimi? Ayol bora-bora bu gap-so‘zlarga ahamiyat qaratmay qo‘ydi.

Senda barchasi joyida bo‘lib, yashashda davom etsang, bu boshqa bir tarix. Senda barchasi yomon bo‘la turib, yashashda davom etsang, bu endi umuman boshqa tarix. Latofat barcha sinovlardan bardosh ila o‘tdi. U endi o‘zga sohilda edi. Xotirjamlik sohilida... Shu sabab u go‘yoki barchasi yaxshidek, yashashda davom etardi. 


— Latofat, siz barchasi tugagandan so‘ng, qanday yashashingiz haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? — deb ehtiyotkorlik bilan so‘radi psixolog. U javobga tayyorlandi va qanday javob olishini o‘zicha taxmin qildi.
— So‘ngra? Menda rejalar yo‘q, ammo barchasi tugagach, nima qilishni yaxshi bilaman…
— Nima?
— Dengizga ketaman. Uzoq va ko‘p-ko‘p cho‘milaman. Quyoshda toblanaman.
— Dengizga? Qiziq, — psixolog Latofatga hayratlanib qaradi. U qarshisida hayot qiyinchiliklariga sinmagan ayolni ko‘rib turardi.
Latofat uchun bu nigohlar tanish edi.
— O‘ylaysizki, bu tuturiqsizlik, andishasizlikmi? Odamgarchilikdan emasmi? Chunki barcha shunday o‘ylaydi: otam-onam, opa-ukalarim, qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, tanishlar... — dedi u.
— Men bunday deb o‘ylaymayman Latofat. Rosti, hatto teskari fikrdaman.
Latofat siniq kuldi. 
— Siz nimadandir qo‘rqayapsizmi? — deb so‘radi ruhshunos.
— Men? — ayol o‘ylanib qoldi. — Menimcha, endi yo‘q. Men oydinning og‘riqlaridan qo‘rqaman, ammo ularni yo‘qotuvchi morfiy bor. 
— Oydinning sog‘lig‘i qalay?
— Kun sayin so‘libboryapti. Ammo sabr qilishda davom etamiz.
— Kuchingiz yetmasachi?
— Yetadi. Chunki men har bir kunimga shukur qilib yashashni o‘rgandim.

Psixolog ketishga hozirlik ko‘ra boshladi. U bu yerda keragi yo‘qligi tushunib yetgan edi. U bu onaga hech qanday yangi gap, maslahat ayta olmasligini tushunib yetgan edi. Qaytanga o‘zi uchun ancha-buncha kerakli narsalar oldi. Latofat uning uchun donolik va sabr-toqat ramziga aylandi.

Latofatdan g‘am hidi emas, balki yaqindagina bo‘yalgan tirnoq bo‘yog‘ining hidi kelardi. Yana ozroq shokolad hidi ham. Menimcha ular Oydin bilan shokoladxo‘rlik qilishgan shekilli.

Shu payt xonadan qizcha yugurib chiqdi.
— Oyijon, oyijon,yuring kamalak rasmini chizamiz. Kecha televizorda ko‘rib qolgandim!!! — dedi qizcha.
— Hozir boraman qizim. Mehmonni kuzatib olay, xo‘pmi?
— Assalomu alaykum, — deb so‘rashdi Oydin psixolog bilan. 
— Valekum assalom — deya salomga alik oldi psixolog. U qizchani ko‘rib, o‘pkasi to‘lib ketdi. Sumkasini qo‘liga olgancha, eshik tomon yaqinlashdi.
— Siz ajoyib ayolsiz Latofat, — dedi u eshik yonida. — Men faoliyatim davomida bunday insonni uchratmagan edim. Siz o‘zingizga o‘zingiz psixologsiz. Hatto men ham sizdan ko‘p narsa o‘rgandim.
— Oxo, rahmat, rahmat... — kulishga harakat qildi Latofat. — Sizga ham kuch-quvvat tilayman.

Psixolog lift eshiklari yopilgunga qadar Latofatdan ko‘z uzmadi. Ayol yo‘lakning kir bosgan derazasidan mayning quyoshli osmoniga tikilib turardi. 

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi

Top