17:06 / 25.05.2016
4457

“O‘zekspomarkaz”da Kooperatsiya birjasi va tarmoq sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 12 noyabrdagi “Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va 2009 yil 1 dekabrdagi “Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida 2016 yilning 18-21 may kunlari “O‘zekspomarkaz”da Vazirlar Mahkamasi Mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksining Kooperatsiya birjasi va tarmoq sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

An'anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur tadbirlar ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar to‘g‘risida keng xabardor qilish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, sheriklarni izlab topish hamda o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni yetkazib berish to‘g‘risida mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida xo‘jalik shartnomalari tuzishda, shu jumladan, eksportga mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishda korxonalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib bermoqda.

“O‘zeltexsanoat” AK Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, bu yilgi Kooperatsiya birjasi va tarmoq sanoat yarmarkasida Kompaniya va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar ham faol ishtirok etishdi. Jumladan, Kompaniya tarkibiga kiruvchi 14 ta korxona 100 dan ortiq mahsulotlar bilan qatnashdi, qator yangi mahsulotlar - yangi turdagi muzlatgichlar, televizorlar hamda kichik maishiy texnika vositalari ilk marta namoyish etildi.

Kooperatsiya birjasi va tarmoq sanoat yarmarkasi yakunlariga ko‘ra, Kompaniya va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar 427 million so‘mlik mahsulot sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdilar. Bu o‘tgan yilga qaraganda 1,3 foizga ko‘p demakdir. Shuningdek, “O‘zeltexsanoat” AK korxonalari o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni sotish bo‘yicha qiymati 700 million so‘mdan ortiq bo‘lgan shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘lishdi.

Shunisi muhim ahamiyatga sazovorki, Kooperatsiya birjasi va tarmoq sanoat yarmarkasi nafaqat o‘zaro shartnomaviy munosabatlar uchun, balki tarmoqni rivojlantirishga doir fikr-almashuvlar va muloqotlar uchun ham qulay maydon vazifasini bajarmoqda. Bu yil ham tadbirlar doirasida qator taqdimotlar, seminarlar tashkil etildi.

Ayniqsa, “O‘zeltexsanoat” AKning tarmoqni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimoti ishtirokchilarda katta taassurot uyg‘otdi. Shuningdek, “Andijonkabel” AJ QK va “O‘zelektroapparat Electroshield” AJ QK tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham ishtirokchilarning qiziqishlariga sabab bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, Mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksining Koorperatsiya birjasi va tarmoq sanoat yarmarkasi mamlakatimiz sanoat sohasida erishilayotgan yutuqlarning amaliy namoyishi bo‘libgina qolmay, qizg‘in muhokamalar va amaliy muloqotlar markaziga aylandi.

Top