15:49 / 26.05.2016
3523

Mehnat vazirligida JDS koordinatsion loyihasi rahbari Xashimoto Vakako xonim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2016 yil 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri A.Abduhakimov JICE Bosh idorasining Markaziy Osiyo mintaqalari bo‘yicha JDS koordinatsion loyihasi rahbari Xashimoto Vakako xonim hamda JICEning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Eyji Asami bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yaponiyalik mehmon tashrifining maqsadi xususida to‘xtalar ekan, JDS tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan davlat tashkilotlari uchun yuqori tajribali xodim tayyorlanishi borasida hamkorlik o‘rnatishga tayyor ekanligini ma'lum qildi. Qayd etilganidek, loyiha doirasida har yili turli vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan xodimlar orasida tanlov o‘tkazilib, ularning 15 nafari Yaponiyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalarida menejment va boshqaruv, moliya, huquq hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olishiga imkoniyat yaratiladi. Xashimoto xonim o‘z nutqida joriy yilda Mehnat vazirligi yangidan boshlanuvchi loyihani maqsadli tashkillashtirishda faol ishtirok etishi maqsadga muvofiqligini ta'kidladi.

Uchrashuv doirasida tomonlar vazirlikning kadrlar malakasini oshirishga bo‘lgan ehtiyoji hamda vazirlik xodimlarining Yaponiyadagi oliy ta'lim muassasalarida grant asosida tahsil olishiga oid imkoniyati muhokama etildi. Qizg‘in muhokamadan so‘ng tomonlar 2016 yil sentabridan boshlab loyihani to‘la amalga oshirishga kelishib olishdi.

Top