07:55 / 26.05.2016
5238

Solar Impulse 2 samolyotida AQShdagi Ozodlik haykali atrofida aylanib chiqilmoqchi

Quyosh batareyalarida parvoz qiluvchi Solar Impulse 2 samolyotida dunyo bo‘ylab sayohat ishtirokchilari bir necha kundan keyin samolyotda Nyu-Yorkdagi Ozodlik haykali atrofini aylanib chiqishmoqchi. Bu haqda 25 mayda loyiha tashkilotchilari samolyot Ohayo shtatidagi Deyton shahridan Pensilvaniya shtatidagi Lixay-Velliga parvozni yakunlaganidan keyin ma'lum qildilar.

Samolyotni boshqarayotgan shveysariyalik aeronavtlar Andre Borshberg va Bertran Pikar barcha qiziquvchilarga "ikir-chikirlarni unutib, tashqariga chiqib va haqiqiy tarix sodir bo‘layotgani – Solar Impulse 2 Ozodlik haykali atrofida uchib o‘tayotganini ko‘rishni" tavsiya qilmoqdalar. "Bir necha kundan keyin biz 2003 yildan beri intiqib kutayotgan orzu haqiqatga aylanadi. Andre Borshberg samolyotni Lixay-Vellidan Nyu-Yorkka uchirib boradi va haykal atrofida uchib o‘tadi. Samolyotni uyqu bilmaydigan shaharga olib kelish ramziy ma'noga ega", deb aytdilar uchuvchilar.

Samolyot o‘z sayohatini 2015 yil 9 martda Abu-Dabidan boshlagan. U o‘z yo‘lida Ummon, Hindiston, Myanma va Xitoy hududlarida qo‘ngan. Samolyot o‘tgan yozda yomon ob-havo sharoiti tufayli Yaponiyaning Nagoya shahrida qo‘nishga va u yerda havo yaxshilanguncha bir oy kutishiga to‘g‘ri kelgan.

Keyinroq samolyot Yaponiyadan Gavayi orollariga uchib o‘tgan va u yerga o‘tgan yilning 3 iyulida yetib kelgan. Shundan keyin samolyot batareyalari qizib ketgani sababli shikastlangani aniqlangan. Ularni almashtirish uchun uzoq vaqt talab etilgan va samolyotning keyingi parvozi 2016 yilgacha qoldirilgandi.

Top