16:25 / 26.05.2016
4231

Mehnat vaziri Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining atrof muhit va mehnat Qo‘mitasi raisi bilan uchrashdi

2016 yil 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligida vazir Aziz Abduhakimov Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining atrof-muhit va mehnat Qo‘mitasi raisi Kim Yong Jo xonim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Vazir o‘z kirish so‘zida O‘zbekiston hukumati tomonidan aholi bandligini ta'minlash, mehnat huquqi muhofazasini kuchaytirish va munosib mehnat sharoitini yaratish masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Shuningdek, Mehnat vaziri parlament, viloyat va tuman hokimliklari misolida mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlash masalasi ijobiy yechimini topishi natijasida xotin-qizlar teng huquqlar asosida mehnat faoliyati yuritayotganiga alohida urg‘u berdi.

O‘z navbatida delegatsiya vakillari yig‘ilganlarga o‘z tashriflarining maqsadi, shuningdek Milliy assambleya faoliyati xususida so‘zlar ekan, O‘zbekistonning boy madaniyati va ma'naviy merosi koreyaliklar tomonidan yuksak darajada qadrlanishi hamda O‘zbekistonni Markaziy Osiyo hududidagi strategik hamkor sifatida tan olishlarini qayd etishdi.

Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar yaqin istiqbolda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan suhbatlashishdi. Jumladan, mehnat migratsiyasi, kasbga qayta tayyorlash tizimini tashkil etish va Koreya tajribasi asosida aholi bandligini ta'minlash ishlarini takomillashtirishda o‘zaro manfaatli hamkorlikning samaradorligini oshirishga kelishib olishdi.

Top