19:42 / 26.05.2016
6062

Jamala Ukraina bo‘ylab gastrol safariga yo‘l oldi

"Yevrovideniye-2016" xalqaro musiqiy tanlovi g‘olibi Jamala Ukraina bo‘ylab gastrol safarlariga yo‘l oldi. "Ukrinform"ning xabar berishicha, xonanda safarini Ternopoldan boshladi. 

"Shvetsiyadagi tanlovning final bosqichida men sizlar uchun, Ukraina uchun kuyladim va chin dildan g‘alaba qozonishni istadim", - dedi Jamala "Berezil" madaniyat uyidagi chiqishidan keyin.

Jamalaning so‘zlariga ko‘ra, uni g‘alaba bilan birinchi bo‘lib shoira Lina Kostenko tabriklagan. U shunday shoira bilan bir vaqtda yashayotganidan baxtiyor ekanligini bildirdi.

Kontsertda qo‘shiqchi yangi "Nafas" albomidan olingan qo‘shiqlarini ijro etdi. "1944" kompozitsiyasi kuylanayotgan vaqt tomoshabinlar sahnaga qrim-tatar bayrog‘ini olib chiqishdi, yig‘ilganlar esa Jamalani tik turib tinglashdi. 

Bundan avval Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning Jamalaga Ukraina xalq artisti unvonini topshirgani haqida ma'lum qilingan edi.

Top