08:38 / 27.05.2016
5564

Nazarboyev: qozog‘istonliklar hech qachon hozirdagidek yaxshi yashashmagan

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Ostona iqtisodiy anjumanining yalpi yig‘ilishidagi nutqida qozog‘istonliklar turmushining tubdan yaxshilangani haqida aytib o‘tdi. Bu haqda nur.kz axborot agentligi xabar berdi. 

"Qozog‘iston, bilasizki, avval Yer xaritasida bo‘lmagan yosh davlat. Joriy yilda biz Mustaqilligimizning 25 yilligini nishonlaymiz. Chorak asr, biroq tarix uchun bir lahzadek vaqt davomida biz xaritada bo‘lmagan davlatdan dunyoning 50 ta eng raqobatbardosh davlatlari orasiga kiruvchi davlatgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdik.

Bu vaqt davomida biz ma'muriy-buyruqbozlik boshqaruviga ega qoloq iqtisodiy tizimdan to‘liq ochiq bozor iqtisodiyotiga aylana oldik. Bu o‘zgarishlar juda murakkab, og‘riqli bo‘ldi, ko‘p narsani qildik va yana ko‘p narsani qilishimiz kerak.

Mustaqillik boshida hech kim Qozog‘iston umuman mustaqil davlat bo‘la olishiga ishonmagandi. Mustaqillikni e'lon qilish boshqa narsa, uning iqtisodiyotini amalda mustahkamlash esa juda qiyin ish bo‘ldi. Umid qilamanki, buni tushunasiz. Biroq o‘tkazgan islohotlarimizning asosiy natijasi fuqarolarimiz turmush darajasining tubdan yaxshilangini bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida Qozog‘iston yalpi ichki mahsuloti dollar ifodasida 20 marotaba, o‘rtacha ish haqi 17 marotaba oshdi. 2 mln ta ish o‘rni yaratildi. Men bu minbardan turib, qozoqlar va qozog‘istonliklar hech qachon hozirdagidek yaxshi yashashmagan deb bemalol ayta olaman", deb o‘z so‘zini nihoyaladi Nazarboyev.

Top