17:12 / 28.05.2016
9657

Andijonda “Sog‘lom kelajak uchun” xayriya aksiyasi o‘tkazildi

Mehr- muruvatga muhtoj kishilar, bemorlar holidan xabar olish, saxovatpeshalik kabi fazilatlar xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi.

Bugun Andijon shahrida "Volonterskoye dvijyeniye Andijana" guruhi faollari viloyat qon quyish Markazi bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning bemor bolalari uchun 1 - iyun "Xalkaro bolalarni himoya qilish kuni"ga bag‘ishlangan “Sog‘lom kelajak uchun” xayriya aksiyasini o‘tkazdi.

Markaz binosi o‘zgalar tashvishiga befarq bo‘lmagan saxovatpesha insonlar bilan gavjum bo‘lgani ham e'tiborga molik. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat Kengashi vakillari, “Rash- Milk” savdo belgisi, “AndTwiplle” a'zolari va boshqa jamoatchilik tashkilotlari ushbu tadbirga beg‘araz hissalarini qo‘shdilar.

Nodirbek To‘ychiyev boshchiligidagi “Andijon” futbol jamoasi muxlislar klubi, Andijon bodibilding va sambo federatsiyalari, “Andijon PFK” jamoasi vakillari, “Zarbuloq” guruhi san'atkorlari ham savobli ishdan chetda qolmadilar.

Aktsiya davomida qon topshirib, donor degan sharafli nomga ega bo‘lgan va moddiy xayriya qilgan insonlarga "Volonterskoye dvijyeniye Andijana" guruhining futbolka va brasletlari topshirildi.

Tadbir ishtirokchilari fikrlari bilan tanishing:

Begali Azimov, xalq deputatlari Oltinko‘l tuman Kengashi deputati:

- Bugungi o‘tkazilgan xayriya tadbiri menda katta taassurot qoldirdi. O‘ylaymanki, tadbir tashkilotchilari o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadga erisha oldilar. Chunki, bugun qon berib donorlik qilgan yoki mablag‘ bilan xayriya qilgan har bir fuqarolarimizning himmati shifoxonalarda yotgan yoki sog‘lom qonga muhtoj bo‘lgan norasida yoshlar uchun ko‘mak bo‘lishi shubhasizdir.

Boburjon Ikromov, Xursandbek Saidakabarov xayriya tadbiri tashkilotchilari:

- Andijonlik juda ko‘p ko‘ngillilarni ushbu aksiyadagi chin yurakdan, faol ishtirok etganligi barchani xursand qildi. Tadbirni tashkil etishda yordam bergan viloyat qon quyish Markazi rahbari Dilfuzaxon opa Do‘stmatovaga alohida minnatdorchilik bildiramiz. Umid qilamazki, bu loyiha bir kunlik aksiya sifatida qolib ketmaydi. Bundan keyin ham dolzarb bo‘lgan xayriya tadbirlarini tashkil etishni rejalashtiryapmiz.

 

Elmurod Ermatov, Andijon

Top