17:44 / 28.05.2016
8566

Ilhom Aliyev: “Mustaqillikni qo‘lga kiritishdan ko‘ra, uni ushlab turish qiyin”

28 mayda Ozarbayjonda Respublika kuni nishonlandi. Shu munosabat bilan Bokuda bo‘lib o‘tgan tantanali qabul marosimida nutq so‘zlagan prezident Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ majorosi tinch yo‘llar bilan hal qilinishiga umid bildirdi. U o‘z so‘zida yaqinda Venada Armaniston prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv samarali bo‘lganini ta'kidladi. Ilhom Aliyevning so‘zlariga qaraganda, Ozarbayjoning hududiy yaxlitligi muzokoralar mavzusi bo‘lmaydi. “Bu majoro Ozarbayjon hududiy yahlitligi doirasida hal qilinishi kerak. BMT Xavfsizlik Kengashining to‘rtta rezolyutsiyasi bajarilishi kerak”, dedi Ozarbayjon rahbari. “Ozarbayjon xalqi ham, Ozarbayjoy davlati ham hech qachon tarixiy tuproqlarimizda ikkinchi arman davlati tuzilishiga yo‘l qo‘ymaydi”, dedi Ilhom Aliyev. Shu bilan birga u Tog‘li Qorabog‘ xududlarida istiqomat qilib kelayotgan armanlar haqida gapirar ekan, bundan keyin ham bemalol emin - erkin yashayverishlarini aytib o‘tdi. “Bizning mavqeimiz shu: har kim qayerda yashagan bo‘lsa o‘sha yerda yashashi kerak”, dedi Ozarbayjon rahbari. U multikulturalizm jihatidan Ozarbayjon namunaviy mamlakat ekanini qayd qilib o‘tdi.

Davlat rahbari Ozarbayjon Demokratik Respublikasining asoschilarining xotirasi har bir ozarbayjonlikning qalbida saqlanishini ta'kidladi. Musulmon dunyosida ilk demokratik respublika ozarbayjon xalqi tomonidan tashkil etilganini eslatib o‘tgan Ilhom Aliyev “biz bundan faxrlanamiz”, dedi va Ozarbayjon Demokratik Respublikasi ikki yildan keyin barbod bo‘lganini afsus bilan qayd qildi. “Mana shuning o‘ziyoq, mustaqillikni saqlab qolish uni e'lon qilishdan ham murakkab ekanini ko‘rsatmoqda”, dedi Ilhom Aliyev. “Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tanazzulga uchragach, Ozarbayjon murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Shu bilan birga ilm-fan, ta'lim, neft sohasida bir qator yutuqlarga erishdi”, dedi Ilhom Aliyev. U bugungi kunda mamlakatda bunyodkorlik jarayonlari davom etayotganini ta'kidlab o‘tdi. “Mamlakatimizda bundan keyin ham barqarorlik va xavfsizlik ta'minlanadi. Xalqning hukumat bilan ittifoqi mustahkamlanmoqda, demokratiya rivojlanmoqda, barcha erkinliklar ta'minlanmoqda”, dedi va Ozarbayjonga nisbatan ikki xil yondoshuvga barham berilishi kerakligini eslatib o‘tdi. Davlat rahbari xavfsizlik va barqarorlik ta'minlanmasdan demokratiya, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot xaqida gapirib bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tdi. “MDH, Yevropa, Yaqin Sharq, bizga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarda xavfli jarayonlar kuzatilyotganini ko‘rib turibmiz. Bu mamlakatlarda demokratiya me'yorlari buzilmoqda. Insonlar kamsitilmoqda, qarama-qarshiliklar yuz bermoqda. Milliy va diniy negizda qurolli to‘qnashuvlar kelib chiqmoqda. Biz bularni televizorda ko‘rib turibmiz. Rivojlangan mamlakatlarda ham namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonliklar sodir etilmoqda. Avvallari ayrimlar Ozarbayjonda inson huquqlari buzilayotganini, demokratiya zaifliligini, erkinliklar yo‘qligini aytishardi. Bularning hammasi yolg‘on. Ozarbayjonda hech kim kaltaklanmaydi. Hech kim haqoratlanmaydi. Hech kimga cheklovlar joriy etilmagan”, dedi Ilhom Aliyev. U o‘z so‘zida ikki xil standartlar siyosatiga barham berilishi lozimligini eslatib o‘tdi. Tashqi siyosat xaqida gapirar ekan, jahondagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro hurmat va tenglik asosida munosabatlar o‘rnatilganini, Armanistondan boshqa biror bir mamlakat bilan muammo yo‘qligini ta'kidladi.

Prezident Ozarbayjon bundan keyin ham harbiy qudratini takomillashtirishda davom etaverishni ta'kidlar ekan, mamlakat armiyasi jahondagi kuchli armiyalardan biri ekanini eslatib qo‘ydi.
“Ishonaman, 2016 yil mamlakatimiz uchun muvaffaqiyatli bo‘ladi. Mamlakatimizning barcha muvaffaqiyatlari istiqlol yillarida qo‘lga kiritildi. Ozarbayjon hech qachon hozirgidek kuchli va qudratli bo‘lmagan. Biz o‘z taqdirimizning xo‘jayinimiz. Ozod mamlakat, ozod xalqmiz. Biz jahon sahnasida o‘z o‘rnimizni topdik. Bundan keyin ham mustaqillik va taraqqiyot yo‘lidan boraveramiz”, dedi Ilhom Aliyev. U 2003 yildan boshlab Ozarbayjon Gaydar Aliyev yo‘lidan ketayotganini ta'kidladi. “To‘g‘ri, dunyo o‘zgarmoqda, mintaqa o‘zgarmoqda. Bugun biz mutloqo boshqa geosiyosiy muhitda yashayapmiz. Biroq biz tashqi va ichki siyosatda tanlab olgan yo‘limizdan adashmay to‘g‘ri ketayapmiz. Ozarbayjon xalqi yagona maqsad yo‘lida mehnat qilmoqda”, dedi Ilhom Aliyev.

Eslatib o‘tamiz, Respublika kuni munosabati bilan Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi qabul marosimini uyushtirdi. Unda hukumat, jamoat tashkilotlari vakillari, xorijiy mamlakatlarning elchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Har ikki mamlakat davlat gimnlari ijro etilganidan so‘ng, Ozarbayjon elchisi Guseyn Guliyev ma'ruza qildi. U mustaqillik yillarida Ozarbayjon qo‘lga kiritgan yutuqlar borasida ma'lumot berib o‘tdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtalgan elchi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar muntazam rivojlanib borayotganini, strategik hamkorlik ruhida samarali davom etayotganini ta'kidladi. Tadbir davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shgan bir guruh jurnalist va tarjimonlar faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Sharofidin To‘laganov

Top