22:37 / 29.05.2016
6781

Isroil suriyaliklar tomonidan qo‘lga olingan tankning qaytarilishi uchun Putinga minnatdorchilik bildirdi

Rossiya Isroil armiyasi tomonidan 1980-yillar boshida birinchi Livan urushi vaqtida Suriya armiyasi bilan jangda yo‘qotgan "Magax" tankini Isroilga qaytaradigan bo‘ldi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu devonxonasiga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi xabar berdi.

Harbiy mashina Isroil bosh vazirining iltimosiga binoan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ko‘rsatmasi bo‘yicha qaytarilmoqda.

"Biz mumkin bo‘lgan barcha yo‘llar bilan tank ekipaji a'zolari – Tsvi Feldman, Zaxariya Baumel va Iyeguda Kats bilan nima yuz berganini aniqlashni davom ettirmoqdamiz va buni bilmagunimizcha tinchimaymiz. Hozir esa men Rossiya prezidentiga bu insonparvarlik iltifoti uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman", deb aytdi Netanyaxu. Hozircha tank Isroil mudofaa armiyasining urushda bedarak yo‘qolgan askarlari oilalari uchun yagona xotira bo‘lib sanaladi.

"Magax" tanki (AQShning M48 tanki versiyasi) 1982 yilda Janubiy Livandagi Sulton-Yoqub aholi punktidagi jangda qo‘lga olingan. Keyinroq tank Sobiq ittifoqqa berilgan va hozirda Moskva viloyatidagi muzeyda saqlanadi. Tank ekipajining 3 nafar a'zosi taqdiri hamon noma'lumligicha qolmoqda.

Top