09:26 / 30.05.2016
10491

Samarqand shahrida «Kitob olami» ma'rifiy majmuasi ochildi

28 may kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va Samarqand viloyat hokimligi tomonidan, yaqin hamkorlikda tashkil etilgan «Samarqand kitob olami» majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Mazkur majmua 871 kvadrat metr maydonni egallagan bo‘lib, unda 22 yo‘nalishdagi adabiyotlardan tarkib topgan savdo javonlari o‘rnatilgan va ularga respublikamiz nashriyotlari tomonidan nashr etilgan 2000 nomda, 40 ming nusxadagi kitoblar joylashtirilgan. Kitob-savdo majmuasiga tashrif buyuruvchi kitobxon-xaridorga qulay sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, bolalar burchagi, «book-cafe» kabi qulayliklar borki, hatto oilaviy tashrif buyuruvchi, qolaversa barcha yoshdagi kitobxonlar ehtiyoji hisobga olingan. 

Majmuaning ochilish marosimini Samarqand viloyat hokimi Z. Mirzayev so‘zga chiqib ochib berdi. So‘ng O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori A. Yunusov majmuaning oldida turgan maqsad va vazifalari, sohani rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar haqida aytib o‘tdi. Tantanali marosimda shoir va yozuvchilar, yosh ijodkorlaru nuroniylar, umuman, kitobga ishtiyoqmand barcha ezgu qalb egalari ishtirok etdi. She'rxonlik, yosh kitobxonlar viktorinasi, mumtoz kuy va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh berdi. Shundan so‘ng yig‘ilganlar majmua va undagi bo‘limlar, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. 

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturiga asosan xalq ma'naviyatini yuksaltirish, hamda adabiyotga, ma'naviyatga, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ulug‘lash, yosh avlodning ongu shuuriga milliy mustaqillik g‘oyalarini singdirish va vatanga yuksak sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shish, yoshlarni intellektual rivojlangan va ma'nan barkamol qilib voyaga yetkazish, aholining, ayniqsa yoshlarning milliy adabiyotimizga va jahon adabiyoti durdonalariga bo‘lgan qiziqishini qondirish hamda oilaviy kitob o‘qish an'analarini targ‘ib qilish, yozuvchi va kitobxon o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish maqsadida mazkur majmua tashkil etildi. 

Buxoro va Xorazm viloyatlari markazlarida ham «Kitob olami» majmualari qurilishi ishlari yakunlandi. Ushbu majmualarning foydalanishga topshirilishi yaqin kunlarda ko‘zda tutilgan. 

So‘nggi oylarda O‘zbekistonda ochilayotgan «Kitob olami» ma'naviy-ma'rifiy savdo majmualariga respublika nashriyotlari tomonidan eng sara adabiy-badiiy, ilmiy, ilmiy-ommabop, ensiklopedik, ijtimoy-siyosiy hamda ma'rifiy yo‘nalishdagi adabiyotlar yetkazib beriladi. 

Bundan oldin, 2015 yil 2 noyabrda Toshkent shahrida, 2016 yil 27 aprelda Nukus shahrida, 21 may kuni Namangan va Farg‘ona shaharlarida hamda 22 may kuni Andijon shahrida «Kitob olami» majmualari ochilgani haqida xabarlar berilgan edi.

Top