22:04 / 31.05.2016
30000

Dunyoning eng chuqur va uzun 5 ta tunneli

2016 yil 1 iyunda Shveytsariyada Gotard temir yo‘l tunneli ochilishi bo‘lib o‘tadi.

Tunnel Shveytsariya Alplaridagi Sen-Gotard tog‘ massivi (balandlik 2,1 km) ostidan ochilgan. Bu tunnelni qurish g‘oyasi 1947 yildayoq paydo bo‘lgan, loyihaning birinchi varianti esa 1962 yilda yaratilgan. Dastlab tunnelning uzunligi 45 km ni tashkil qilishi kerak edi.

Tunnelni qurish uchun 20 yil ketdi. Birinchi skvajinalarni burg‘ilash 1993 yilda, tayyorgarchilik ishlari 1996 yilda, asosiy ishlar 2001 yilda, tuproqning olinishi 2003 yilda boshlangan. Tunnelni qurish uchun 12 mlrd dollar sarflandi.

Gotard tunneli dunyodagi eng uzun tunnel bo‘ladi, uning uzunligi 57 km ni tashkil qiladi. Hozirgacha eng uzun tunnel Yaponiyadagi Seykan tunneli (53,85 km) hisoblanardi. 2-o‘rinda Buyuk Britaniya va Fransiyani bog‘lovchi Yevrotonnel (51 km) turardi, eng chuqur tunnel esa Norvegiyada Eyksunn tunneli (287 m) hisoblanardi.

Quyidagi dunyodagi eng uzun va chuqur 5 ta tunneli haqida qisqacha ma'lumot keltirilgan.

1. Gotard tunneli (Shveytsariya)


Tunnel ichki diametri 8,2 metrli bir yo‘nalishli parallel ikkita tunneldan iborat. G‘arbiy tunnelning uzunligi 56,9 km, sharqiyniki — 57 km. Tunnelning xizmat va yo‘lovchilar yurishi uchun mo‘ljallangan yo‘laklari bilan umumiy uzunligi 153,4 km ni tashkil qiladi. Trassa minimal sondagi ko‘tarilishlar, tushishlar va keskin burilishlarsiz loyihalangan. Bu poyezdlarga 250 km/soat tezlik bilan yurishga imkon beradi. Tunnel ichida ikkita ko‘p vazifali temir yo‘l stansiyasi mavjud bo‘lib, ular avariya, tarkiblarni almashtirish vaqtida ishlatilishi mumkin. Tunnel bo‘ylab yurish vaqti 20 daqiqani tashkil qiladi. 

Bu tunnel chuqurlik bo‘yicha ham rekord ko‘rsatkichga ega. Uning ba'zi joylarini tog‘ yuzasidan 1,6 km lik masofa ajratib turadi. Tunnel tog‘ daryolari va hattoki gidroelektrostansiyalar tagidan o‘tadi.

1 iyunda tunnel orqali birinchi poyezdlar o‘tadi, 2017 yil yanvardan esa to‘liq foydalanishga kiritiladi.
Tunnel Alp tog‘i hududida havoning ifloslanishi darajasini kamaytirishga yordam beradi va yo‘llarda tirbandlik keltirib chiqaruvchi yuk transporti muammosini hal qiladi. Kuniga tunnel bo‘ylab 200-250 ta yo‘lovchi va yuk poyezdi o‘tadi. 

2. Seykan tunneli (Yaponiya)

Seykan tunneli Yaponiyaning Xonsyu va Xokkaydo orollarini Sangar bo‘g‘ozi ostidan bog‘laydi. Uning umumiy uzunligi 53,85 km ni, suv osti qismi esa 23,3 km ni tashkil qiladi. Yo‘llar suv tubidan 100 metr va dengiz sathidan 240 metr chuqurlikdan o‘tadi.
Tunnel qurilishi 1964 yildan 1988 yilgacha davom etgan va 1988 yil 13 martda ochilgan. Tunnel qurilishi 5,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. 

3. La-Mansh tagidan o‘tuvchi Yevrotonnel (Fransiya, Buyuk Britaniya)

Yevrotonnel La-Mansh bo‘g‘ozi ostidan o‘tuvchi va Buyuk Britaniyani Yevropaning qit'a qismi bilan bog‘lovchi temir yo‘l tunneli. Uning uzunligi 51 km ni, suv osti qismi 39 kmni tashkil qiladi. Tunnelning eng quyi nuqtasi dengiz sathidan 126 metr chuqurlikda joylashgan.

Tunnelni qurish g‘oyasini 1802 yilda fransiyalik muhandis Albert Mate-Fave bildirgan, qurilishi esa 1876 yilda boshlanib, 1883 yilda to‘xtatilgan. Keyin uning qurilishi bir necha bor qayta boshlanib, qayta to‘xtatilgan. 1986 yilda Fransiya va Buyuk Britaniya hukumatlari tunnel qurish haqidagi kelishuvni imzolashgan. Tunnelni burg‘ilash 1987 yil 1 dekabrda boshlangan. Tunnel 7 yilda qurib bitkazilgan. Loyiha qiymati 15 mlrd dollarni tashkil qilgan. Tunnel 1994 yil 6 mayda tantanali ravishda ochilgan. Shu yilning 22 dekabridan tunnel orqali Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida muntazam temir yo‘l aloqasi boshlangan. Tunnel poyezdlar uchun ikkita relsli tunnel va bitta xizmat ko‘rsatish va favqulodda vaziyatda odamlarni evakuatsiya qilish uchun qo‘shimcha tunneldan iborat. Tunnel orqali yiliga o‘rtacha 20 mln kishi harakatlanadi. 

4. Eyksunn tunneli (Norvegiya)

Norvegiyadagi Eyksunn avtomobil tunneli Myore-o-Rumsdal viloyatida joylashgan va Xareydlandet orolini (Eyksunn shahri) mamlakatning qit'adagi qismi (Ryanes shahri) bilan bog‘laydi. U Vartdals-ford tubi orqali dengiz sathidan 287 metr chuqurlikdan o‘tgan va ayni vaqtda dunyodagi suv ostidan o‘tuvchi eng chuqur joylashgan tunnel hisoblanadi. Uning uzunligi 7,8 km ni tashkil qiladi. Tunnel qurilishi 2003 yilda boshlangan va 123 mln yevroga aylangan. Tunnel bo‘ylab qatnov 2008 yil fevralida ochilgan. Tunneldan 25 ming kishi foydalanadi.

5. Temza ostidan o‘tuvchi tunnel (Buyuk Britaniya)

Londondagi Temza daryosi ostidan o‘tuvchi tunnel hozir ham foliyat yurituvchi dunyodagi eng eski tunnel hisoblanadi. U ingliz muhandisi Mark Bryunel loyihasi bo‘yicha bunyod etilgan. Tunnel qurilishi 1825 yilda boshlanib, 1841 yilda tugatilgan. 6 metrga 11 metrlik kesimga ega va uzunligi 396 metrlik tunnel suv yuzasidan 23 metr chuqurlikda burg‘ilangan. Tunnel 1843 yil 25 martda ochilgan. 1869 yilgacha yo‘lovchi tunneli sifatida qo‘llangan. 1869 yilda London metrosining birinchi qismi uzaytirilgandan keyin tunnel orqali birinchi poyezdlar qatnay boshlagan.
2000-yillar oxirida metroning tunnel orqali o‘tuvchi liniyasi rekonstruksiya qilingan.

Ta'kidlash joizki, Xitoyning China Railway Tunnel Group kompaniyasi O‘zbekistonning sharqidagi Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi, Markaziy Osiyoda bu turdagi eng yirik inshoot, 19 km lik temir yo‘l tunneli qurilishini yakuniga yetkazdi. Tunnel 124 km lik Angren-Pop temir yo‘l liniyasining bir qismi hisoblanadi.

Top