14:59 / 31.05.2016
7032

Palma-de-Malorka aholisi sayyohlardan qutulmoqchi bo‘ldi

Ispaniyada sayyohlar oqimidan g‘azablangan Palma-de-Malorka kurort shahri aholisi hordiq chiqarayotgan xorijliklarga ularning shahridan uzoqroq yurishni talab qilishgan. Ispaniyaliklar binolar devorlarida ham shu yo‘sindagi chaqiriqlarni yozib qolidirshmoqda, deb xabar beradi Euronews.

Binolardan birida "Xorijlik sayyohlar, yo‘qoling!" degan yozuvni o‘qish mumkin. Bir uyning devoridagi "Qochoqlar, xush kelibsiz!" deb yozilgan.

Telekanalning ma'lum qilishicha, mahalliy aholi o‘rtasida sayyohlik oqimidan norozilik alomatlari o‘sib bormoqda. Malorka orolidagi Magaluf kurortida spirtli ichimliklarni ichib, shovqin ko‘tarayotgan xorijiy mehmonlar allaqachon mahalliy xalqning "bosh og‘rig‘i"ga aylangan. Balear orollari tarkibiga kiruvchi Ibitsa orolida sayyohlar ko‘pligidan ichimlik suvi muammosi kelib chiqmoqda, Menorkada esa sayyohlar "bum"i atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda.

Xuddi shunday norozilik namoyishlari 2014 yilda Barselonada kuzatilgan. U paytda bu ispan shahri aholisi o‘zlarini nomuvofiq tutuvchi dam oluvchilarga qarshi chiqishgan. 

Sayyohlik sohasi Ispaniyaga 12 foiz daromad keltiradi. Balear orollarida mehnatga layoqatli aholining uchdan bir qismi sayyohlik sohasida band qilingan, mintaqa byudjyetining deyarli yarmi shu sanoat sohasiga to‘g‘ri keladi. 

Balear orollari - dunyodagi eng yirik sayyohlik markazlaridan biri. Bu mintaqadagi sohillar hamda ko‘plab ko‘ngilochar muassasalar butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb qiladi.

Top