20:31 / 31.05.2016
4870

O‘zbekistonda ekologiya haftaligi boshlandi

O‘zbekistonda 5 iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan ekologiya haftaligi boshlandi. Tadbir O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda. 

Ekologiya haftaligini tashkil etishdan maqsad amalga oshirilayotgan muhim ekologik loyihalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, atrof-muhitni muhofazalash ishlarida aholining faol ishtirok etishini ta'minlash, ishlab chiqarishga ekologik sof texnologiyalarni joriy etish,  jamoat ekologik nazoratini takomillashtirishdan iborat. 
  
Haftalik doirasida poytaxt va viloyatlarda tabiatni asrash, biologik xilma-xillikni muhofazalash bo‘yicha dasturlar natijalariga oid anjumanlar, ekofestival, tabiatning noyob hududlariga sayohatlar, innovatsion texnologiyalar namoyishiga oid loyihalar, ekologik ta'limni targ‘ib etish bo‘yicha tanlovlar, hududlarni obodonlashtirish aksiyalari, sport musobaqalari  o‘tkazish rejalashtirilgan. 

Tadbirda 2013-2017 yillarda atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan  tashkilot va korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan «Ekologik sof texnologiyalar va innovatsiyalar» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Top