12:07 / 01.06.2016
5108

Shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionati. Markaziy uchrashuvda Qosimjonov Vohidovga qarshi o‘ynaydi

Toshkent shahridagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionati davom etmoqda. Qit'aning eng nufuzli Asian Continental Chess Championships 2016 turniri o‘z tarixida 15-marotaba tashkil etilgan.

Turnirda Markaziy Osiyo mintaqasining birinchi raqamli shaxmatchisi, 17-jahon chempioni, 1998 yilgi Osiyo chempioni Rustam Qosimjonov (2703) ham ishtirok etyapti. U chempionatda ikkinchi raqam ostida tasniflangan.

Qosimjonov 31 may kuni o‘tkazilgan oltinchi turda yana durang natija qayd etdi. U o‘zi kabi 4 ochko jamg‘arib turgan xitoylik grossmeyster Ven Yang bilan durang o‘ynadi.

Bu turda Osiyo chempionatining birinchi raqamli ishtirokchisi vetnamlik Le Kuang Liyem (2718) g‘alaba qozondi va 5 ochko bilan peshqadamga aylandi. U qora donalarda harakat qilib, hindistonlik grossmeyster Sezuramanni yengdi.

O‘zbekistonlik yana bir xalqaro grossmeyster Jahongir Vohidov ham bu turda g‘alaba qayd etdi. Vohidov qora donalarda harakat qilib, yana bir o‘zbekistonlik Akmal Fayzullayevni yengdi. Bu g‘alaba Jahongirni 4,5 ochko bilan turnir jadvalida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra uchinchi o‘ringa olib chiqdi.

Bugungi bahslardagi markaziy uchrashuvda Rustam Qosimjonov Jahongir Vohidovga qarshi dona suradi.

Turnirning erkaklar o‘rtasidagi bahslarida 91 nafar ishtirokchi bosh mukofot uchun bahslarga kirishdi. Xotin-qiz shaxmatchilar musobaqasida 35 nafar ishtirokchi Osiyo chempionligi uchun kurashmoqda.

Top