14:51 / 02.06.2016
8244

Bo‘zsuv anhorida 17 yoshli o‘smir cho‘kib ketdi

Tez harakat qilish respublika ko‘p tarmoqli markazi qutqaruvchi-g‘avvoslari uchinchi kundan buyon Bo‘zsuv anhorida cho‘kib ketgan o‘smir jasadini qidirmoqda.

Toshkent shahridagi kollejlardan birida tahsil oluvchi 17 yoshli o‘smir 31 may kuni besh nafar do‘sti bilan «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasidagi anhorga cho‘milish uchun borgan.

Ular anhorga qariyb bir vaqtda sakragan, vafot etgan yigit esa oxirgi bo‘lib suvga tushgan va bir lahza suvda ko‘rinib, so‘ngra yo‘qolgan.

Bu voqea uning do‘stlari ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan, qo‘rquv yoki sarosima sababli ular sherigiga yordam bera olishmagan. Ular qirg‘oqqa qaytib, buyumlarini yig‘ishtirishgan va yashirinishgan.

«Gazeta.uz» nashrining vafot etgan o‘smirn qarindoshi hikoyasiga asoslanib xabar berishicha, o‘smirning ota-onasiga qirg‘oqdagi qarovsiz buyumlarni uchratib qolgan o‘tkinchi qiz ular orasidagi o‘smirning telefonidan ma'lum qilgan. Oradan bir fursat o‘tib o‘smirning do‘stlaridan biri qaytgan va sodir bo‘lgan hodisa to‘g‘risida ota-onasiga so‘zlab bergan.

Uch kun mobaynida g‘avvoslar voqea sodir bo‘lgan joydan bir kilometrgacha bo‘lgan masofada anhorning tubi va qirg‘oqlarini tekshirib chiqdi, ammo jasad haligacha topilmadi.

G‘avvoslar ishini suvning ko‘pligi va tezoqar ekani qiyinlashtirmoqda.

Qidiruv ishlari ham qirg‘oqdan, ham qutqaruv qayiqlari orqali amalga oshirilmoqda. Anhor tubi sinchiklab qidirilayotgan bo‘lsada, urinishlar besamar ketmoqda. Qutqaruv ishlarida vafot etgan o‘smirning qarindoshlari ham ishtirok etmoqda. Ular cho‘kib ketgan yigitning tez orada topilishi va dafn etilishidan umid qilishmoqda.

Top