12:02 / 03.06.2016
9672

Manba: O‘zbekiston MTJning Oliy Liga legionerlariga qarshi uchrashuvida durang hisob qayd etilgan

2 iyun kuni Samvel Babayan qo‘li ostidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Professional futbol ligada o‘ynovchi legionerlardan tuzilgan terma jamoaga qarshi nazorat bahsini o‘tkazdi. Uchrashuv durang hisob bilan yakunlangan.

2 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi «Bunyodkor» stadionida FIFA kunlaridan foydalanib xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kerak edi. Avvaliga Qirg‘iziston, keyin Ekvator Gvineyasi termalari bilan bellashuvlar bekor bo‘lgach, PFL legionerlari raqib sifatida tanlangandi. 

Ammo bu o‘yinga muxlislar va OAV vakillari kiritilmadi, Ekvator Gvineyasiga qarshi o‘yin uchun olingan chiptalar bilan borgan muxlislar stadion darvozalari oldida ortga qaytarildi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2 iyun sanasida Ekvatorial Gvineya bilan nima sababdan xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etmagani O‘FF tomonidan tushuntirildi, Qirg‘izistonga qarshi o‘yin bekor qilingani borasida O‘FF rasmiy izoh bermadi.

Terma jamoa 7 iyun kuni Avstriyada Kanadaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishi kutilmoqda, bu o‘yinning bekor qilinishi ehtimollari haqida xabarlar yo‘q.

«Championat.asia» sayti bellashuvda ishtirok etgan futbolchilarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan, gollar kimlar tomonidan urilgani ham ma'lum, ammo bu gollar qaysi daqiqalarda urilgani noma'lum.

O‘FF rasmiy saytida bu o‘yin haqida ma'lumot yo‘q. Holbuki, saytda terma jamoaning JCh-2018 saralashining 3-bosqichidagi raqiblari xalqaro uchrashuvlarda qaysi jamoalardan mag‘lubiyatga uchragani haqidagi xabarlar berib borilmoqda.

O‘zbekiston — PFL (Legionerlar) 2:2

Gollar: Server Jyeparov, Aleksandr Merzlyakov — Arslonmurot Amanov, Sato Minori.

O‘zbekiston: Aleksandr Lobanov, Yegor Krimets, Islom To‘xtaxo‘jayev, Davron Hoshimov, Akrom Komilov, Otabek Shukurov, Javohir Sohibov, Server Jyeparov, Eldor Shomurodov, Aleksandr Geynrix, Igor Sergeyev.
Ikkinchi taymda o‘yinga qo‘shilganlar: Ignatiy Nesterov, Shuhrat Muhammadiyev, Doston Hamdamov, Sanjar Shoahmedov, Aleksandr Merzlyakov, Jasur Hasanov, Sherzod A'zamov, Salamat Qutiboyev.

PFL: Ignatiy Nesterov, Yevgeniy Gogol, Georgi Kvesiashvili, Adnan Oraxovats, Shaker Zuagi, Nikita Pavlenko, Deyan Bolevich, Andrey Derkach, Arslonmurot Amanov, Vyacheslav Shevchenko, Martinyuk.
Ikkinchi taymda o‘yinga qo‘shilganlar: Eldor Suyunov, Jamshid Iskanderov, Sato Minori, Aleksandr Alimpeivich, Stanislav Andreyev, Sardor Mirzayev.

Top