20:05 / 03.06.2016
4726

Blatter va yordamchilari 5 yil ichida FIFAga 80 mln dollar mablag‘ o‘zlashtirib yuborgan

FIFAning sobiq prezidenti Yozef Blatter, tashkilotning sobiq bosh kotibi Jyerom Valke va uning o‘rinbosari, moliyaviy direktor vazifasini bajargan Markus Kattner keyingi 5 yil davomida FIFA hisobidan jami 80 mln dollar miqdoridagi mablag‘ni bonuslar ko‘rinishida o‘z hisoblariga o‘tkazib olishgan. Bu haqda AP xabar tarqatdi. 

Yozef Blatter JCh-2014 va JCh-2018 uchun bonuslar ko‘rinishida 38 million 380 ming dollar, Jyerom Valke – 40 million 198 ming dollar (11,1 million dollari – JCh-2018 uchun), Markus Kattner – 11 million 842 ming dollar (4,5 million dollar – JCh-2018 uchun) olgan.

Yurist Bill Burkning aytishicha, FIFAning sobiq uch nafar amaldori "qing‘ir yo‘l orqali boyish" maqsadida amalga oshirgan harakatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar qo‘lga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun Shveytsariya prokuraturasi tomonidan FIFAning Tsyurixdagi qarorgohida tintuv o‘tkazildi va bir qator hujjatlar olib ketildi.

Prokuratura vakili bugungi tekshiruvlar Janni Infantinoga aloqador emasligini bildirdi.

FIFA amaldorlarining poraxo‘rligi bilan bog‘liq mojarolar o‘tgan yilning may oyida oshkor bo‘ldi. Shveytsariya huquq tartibot organlari xodimlari tashkilotning bir necha nafar yuqori martabali amaldorlarini pora olishda gumon qilib qamoqqa oldi.

Bu mojarolar fonida Yozef Blatter iste'foga chiqdi. 2016 yilning fevralidagi saylovdan keyin Janni Infantino tashkilotning yangi rahbariga aylandi.

Top