16:11 / 03.06.2016
3393

OAV: Platini FIFAning yangi sanksiyalari ehtimolidan qo‘rqib Yevro–2016 o‘yinlariga borishdan bosh tortdi

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) prezidenti, fransiyalik Mishel Platini Fransiyada bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionati o‘yinlariga tashrif buyurmaydi. Bu haqda DPA xabar tarqatgan.

Avvalroq Fransiya futbol federatsiyasi Mishel Platinini Yevropa chempionatiga taklif qilish istagini bildirgan edi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Platini FIFAning Axloq qo‘mitasi tomonidan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yangi sanksiyalarga tushib qolmaslik uchun Yevro–2016ga tashrif buyurmaydi. 

U UYeFA rahbari lavozimini 14 sentabr kuni, tashkilotning Afinada bo‘lib o‘tadigan kongressida rasman tark etishini ma'lum qilgan.

Platini 2007 yildan buyon UYeFAni boshqarib kelayotgandi.

O‘tgan yili FIFA bilan bog‘liq mojarolar doirasida 2011 yili FIFAning sobiq prezidenti Yozef Blatter Mishel Platiniga 2 mln Shveytsariya franki miqdoridagi mablag‘ni noqonuniy ravishda o‘tkazib bergani aniqlandi. 2015 yilning dekabr oyida Blatter va Platini 8 yil muddatga futbol faoliyatidan chetlashtirildi. Keyinchalik, 2016 yilning fevralida Platinining diskvalifikatsiyasi muddati 6 yilga qisqartirildi. Platini Lozannadagi (Shveytsariya) Sport arbitraj sudi (CAS)ga chetlashtirish muddatini qisqartirish bo‘yicha yana apellyatsiya berdi. May oyida uning apellyatsiyasi qisman qondirildi – diskvalifikatsiya muddati olti yildan to‘rt yilgacha, jarima miqdori 80 mingdan 60 ming yevrogacha tushirildi.

Yevro–2016 turniri 10 iyundan 10 iyulga qadar bo‘lib o‘tadi.

Top