23:55 / 05.06.2016
9868

Mirzo Ulug‘bek xiyobonida "Sabantuy" bayrami bo‘lib o‘tdi

5 iyun kuni, soat 9:00da O‘zbekistondagi tatar millatiga mansub kishilarning har yili o‘tkazilishi an'anaga aylangan "Sabantuy" bayrami boshlandi. Bayramda tatar xalqining turli milliy o‘yinlari, musobaqalari va qiziqarli sahna ko‘rinishlaridan iborat konsert dasturi uyushtirildi.

Sport o‘yinlaridan arqon tortish, kurash, stol tennisi, yostiq jangi, qo‘chqor urishtirish, suv tashish kabi bir necha qiziqarli o‘yinlar o‘tkazilib, bu o‘yinlarga bevosita tomoshabinlar ham jalb etildi.

Tatar milliy estradasi xonandalari tomonidan kuylangan sho‘x va raqsbop qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi.

Bayram munosabati bilan xiyobonda qo‘l mehnati bilan yaratilgan ajoyib buyumlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu buyumlarda tatar millati an'analari, ramzlari aks etgan.

Bayram soat 16:00gacha davom etdi.

Bayram tarixi haqida qisqacha ma'lumot: "Sabanto‘y" tatar xalqining yoz mavsumida bo‘lib o‘tadigan bayramlardan biri hisoblanib, ilgari ushbu bayram ekin mavsumidan so‘ng nishonlangan.

"Sabanto‘y"da tatar xalqi ma'lum maydonda to‘planib, dramatik tomosha va o‘yin-kulgilar uyushtirilgan. Ushbu bayram ma'lum hududning ko‘plab qismlarida, shaharlar, tumanlar bo‘ylab o‘tkazilgan. "Sabanto‘y"da turli mazali pishiriqlar pishirilgan. Bayram uchun maxsus liboslar tikilgan. Maydonda bayramona yurishlar tashkil etilib, barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashilgan.

Quyidagi lavha qisqacha bayram jarayonidan olindi.

Top