23:51 / 06.06.2016
35383

Qarshida Amir Temur davri yodgorliklari rekonstruksiya qilindi (FOTO)

Qarshi shahrida Buyuk Amir Temur tomonidan barpo etilgan ko‘prik qaytadan rekonstruksiya qilindi. 5 iyun kuni  ko‘prik va uning atrofida barpo etilgan xiyobon O‘zbekiston mustaqilligining  25 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirildi. Bu haqda UZA xabar qiladi.

Prezidentimiz Islom Karimov 2015 yil 30 iyun kuni viloyatga tashrifi chog‘ida mazkur maskanni xalqimiz dam oladigan go‘zal va zamonaviy xiyobonga aylantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar bergan. O‘tgan qisqa vaqt ichida bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. 

Qashqadaryo daryosida uchta to‘g‘on qurildi. Qirg‘oq bo‘yidagi eski binolar o‘rnida go‘zal xiyobon bunyod etildi. Daryo sohili bo‘ylab kemalar to‘xtaydigan to‘rtta joy qurilib, yoritish ustunlari o‘rnatildi. Bu yerda 51 katamaran, 2 turistik kater va 4 attraksion xizmat qiladi. 

Daryo qirg‘og‘i bo‘ylab 14 kottej, 4 kafe-bar, bolalar maydonchalari, 4 sun'iy qoplamali sport maydonchasi barpo etildi. 

Qadimda Qashqadaryo daryosining ikki qirg‘og‘ini bog‘lagan mazkur ko‘prik 700 yillik tarixga ega. O‘rta asrlarda Nasaf orqali Eron va Hindistonni Yevropa bilan birlashtiruvchi muhim karvon yo‘llari o‘tgan. 

Yangilangan ko‘prik va uning atrofida barpo etilgan ko‘rkam sayilgoh nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki chet ellik sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylanishi tabiiy. 

Top