09:26 / 06.06.2016
9580

Aqto‘beda qurol-aslaha do‘konlariga hujum qilgan guruhning 4 nafar a'zosi yo‘q qilinib, 7 nafari qo‘lga olindi

Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida o‘tkazilgan aksilterror amaliyotlar natijasida shahardagi qurol-aslaha do‘konlari va harbiy qismga hujum uyushtirgan guruhning 4 nafar vakili yo‘q qilingan va 7 nafari qo‘lga olingan. Bu haqda Qozog‘iston IIV matbuot xizmati rahbari Almas Sadubayev ma'lumotiga asoslanib, RIA Novosti xabar tarqatgan.

Hujum natijasida, tinch aholi vakillaridan 3 kishi hamda harbiylardan 3 kishi halok bo‘lgan.

Tengrinews nashri ma'lumotiga ko‘ra, 5 iyun kunining ikkinchi qismida Aqto‘bening 3ta tumanida otishma ro‘y bergan. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, noma'lum shaxslar ikkita tumanda qurol-aslaha do‘konlariga, uchinchi tumanda harbiy qismga hujum uyushtirgan.

Qozog‘iston IIV ma'lumotiga ko‘ra, "Pallada" do‘koniga hujum qilganlar sotuvchini hamda qorovulni o‘ldirishgan, shuningdek 3 politsiyaga o‘qotar quroldan jarohat yetkazishgan.

Ko‘p vaqt o‘tmasdan "Pantera" do‘konida otishma sodir etilgan. Bu otishma vaqtida do‘kon mijozlaridan biri halok bo‘lib, yana biri jarohatlangan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari 3 nafar jinoyatchini otib o‘ldirishgan, yana bir jinoyatchi yaralangan.

Guruh harakatni davom ettirib, harbiy qismga kirmoqchi bo‘lgan. Buning uchun ular yo‘nalishdagi avtobusni garovga olishgan, yo‘lovchilar va haydovchini tushirib yuborishib, avtobusni harbiy qism darvozasiga olib borib urishgan. Harbiy qism hududiga bostirib kirgan to‘da bir zobit va  shartnoma asosidagi 2 nafar harbiy xizmatchini o‘ldirgan. Otishmalar davomida 6 nafar harbiy xizmatchi yaralangan.

Hujum qilganlarning biri o‘ldirilgan, biri qo‘lga olingan.

To‘qnashuvlar oqibatida bir necha o‘n kishi yaralanib, shifoxonaga yotqizildi. Shifoxona vakili kamida 20 dan ortiq kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ma'lum qildi.

Aqto‘beda jamoat transporti qatnovi va ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilindi, aholiga uydan chiqmaslik tavsiya etildi.

Sadubayev hujumchilar «noan'anaviy diniy oqimlar tarafdorlari» ekanligini taxmin qildi.

Shaharda aksilterror amaliyot tartibi joriy etilgan. Amaliyot davomida guruhning qo‘lga olingan vakillari soni 7 nafarni tashkil qilmoqda. Qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.

Qozog‘istonda qurol do‘koni va harbiy qismga hujum qilindi

Qozog‘iston IIV Aqto‘bedagi jinoiy guruh qo‘lida garovga olinganlar borligi haqidagi xabarni tasdiqlamadi

Qurolli to‘daning Aqto‘bedagi harbiy qismga hujum boshlashi tasvirlangan video paydo bo‘ldi

Top