Jonajon diyorimizda Saodat asridan buyon musulmonlar alohida ahamiyat bilan kutib oladigan, muqaddas dinimiz arkonlaridan biri ado etiladigan muqaddas Ramazon oyi kirib keldi. Xalqimiz bu muborak oyda xayrli amallarni ko‘paytirishga, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro mehr-oqibat, ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga intiladi. Dorulomon yurtda tinchlik xotirjamlikda ro‘za tutish baxtiga musharraf qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!
Istiqlol yillarida milliy-diniy qadriyatlarimiz tiklanib, Ramazon, Qurbon hayitlarini nishonlash, fazilatli kunlar sharofatidan bahramand bo‘lishga keng yo‘l ochildi. Xalqimizning asriy orzulari ro‘yobga chiqib, muborak Haj va Umra ziyoratlariga borish imkoniyati yaratildi. Diniy marosimlarimiz va milliy urf-odatlarimizni emin-erkin ado etish baxtiga musharraf bo‘lganimiz va boshqa ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildiki, buning uchun har qancha shukronalar aytsak arziydi.
Ko‘p qavatli turar-joy binosida istiqomat qilamiz. Bir necha yil avval, Ramazon oyining uchinchi kuni bo‘lsa kerak, ertalabki soat uchlar edi, saharlik qilayotgan edik, to‘g‘ridagi uylardan birining xonadonida qiy-chuv ko‘tarildi. Biror kor-hol yuz bergan bo‘lsa kerak, deb e'tibor qaratmadim. Kechqurun ishdan kelsam, vaziyat oydinlashdi. Kelin uxlab qolgan bo‘lsa kerak, o‘z vaqtida qaynota va qaynonasiga saharlik tayyorlay olmabdi. Shunga qaynona butun mahallani boshiga ko‘taribdi. Tavba, axir og‘iz yopilishiga 20 daqiqa qolgan, bu vaqt ichida kechagi ovqatni tanavul qilib bo‘lsada saharlik qilishga ulgurush mumkin bo‘lsa, shovqin ko‘tarishga arzirmikan? Unda qaynonaning tutayotgan ro‘zasi qayerda qoldi. Axir ro‘za tutish degani saharlik va iftorlikda yeb-ichish degani emas-ku?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muborak oy haqida “U sabr oyidir, sabrning savobi esa jannatdir. U ko‘ngil ovlash oyidir. U mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir”, deganlar.
Ro‘za bandani dunyoda gunohlardan to‘sib turadigan qo‘rg‘on bo‘lsa, oxiratda do‘zaxdan to‘sib turadigan qo‘rg‘on bo‘ladi. Agar yeyish ichishni tark qilsa-gu boshqa harom ishlarni tark qilmasak qilayotgan amallarimiz qabul etilmasligiga va jazolanishmizga loyiq bo‘lib qolamiz.
Ishga marshrut taksida kelaman. Yo‘lovchilarning aksariyati ayollar. Ular hamma narsani bilishadi. Har kuni nafaqat ularning uyida, mahallasida, balki shahrimizda va dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalardan aynan shu marshrut taksida boxabar bo‘laman. Bir kuni ayollardan biri quda chaqiriqqa (kelinni otasinikigami yoki kuyovni uyigami, bilolmay qoldim) borganini og‘iz ko‘pirtirib maqtay boshladi. Iftorlikda og‘izlarni qaymoq bilan ochishibdi, undan keyin yevropacha va milliy salatlar tortilibdi. So‘ng somsalar (avvallari bitta somsa tortilsa, endi ikkita - o‘zbekcha va turkcha somsa) berilibdi. Suyuq-quyuq ovqatlar orasida norin va kabob tanovul qilinibdi. O‘zbeklar odatiga ko‘ra, oshdan keyin fotiha qilinib, ketishga ruxsat berilishi kerak edi. Ammo qudalar zamonaviy ekan, shu sabab oshdan keyin desert sifatida muzqaymoq tarqatilibdi. Eng qizig‘i, dasturxonda ovqat hazm qiluvchi “Mezim” borligi mehmonlarning dardiga darmon bo‘libdi. Vo ajabo, to‘ydan keyin “kelin salom”ga qolgan xotin-xalajga “Mezim” berilgani haqida quloqqa chalingandek bo‘lgan edi, endi iftorlikda ham bu dori dasturxon ko‘rkiga aylanibdi-da. Yashavor o‘zbek, deging keladi. Axir bu manmanlik, isrofgarchilik emasmi?! Yaxshiyam, o‘z vaqtida kafe va restoranlarda berilayotgan iftorliklarga chek qo‘yildi. Bo‘lmasa manmanlik avjiga chiqarmidi? Chunki mana shu kabi tadbirlarga ro‘zadorlar emas, ro‘za tutmaganlar ham tashrif buyurishi sir emasku.










