23:46 / 08.06.2016
43388

Milliarderlarning 7 odati

Foto: Wikipedia

Qiziq, badavlat insonlarni oddiy insonlardan ajratib turuvchi qandaydir sifatlar majmui bormikan? Aslida har bir milliarderning boylikkacha bosib o‘tgan yo‘li o‘ziga xos bo‘lib, boshqalardan farq qiladi. Shunga qaramay ba'zi o‘xshashliklar ham bor. 

1. Ular hashamatni boshqacha qabul qilishadi

Opra Uinfri, Uorren Baffet va Sara Bleyklini nima birlashtirishi mumkin? Ko‘p milliardlardan tashqari ularning har biri investitsion hisobga ega. 

Bunday kishilar uchun hayotdagi asosiy hashamat - investitsiya qilish imkoniyati. Zero, pul yig‘ish yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi hamda hayotiy maqsadlarga erishishga yordam beradi. Shu bois milliarderlar pullarni navbatdagi o‘yinchoq sotib olishga emas, uni biror foydali ishga investitsiya qilishni afzal ko‘rishadi. Har safar rejadan tashqari pul vositasiga ega bo‘lsangiz (masalan, pul mukofot olsangiz), o‘ylab ko‘ring qanday yo‘l tutsangiz yaxshi bo‘ladi: birorta buyumga sarflashmi yoki kelajakka saqlab qo‘yish?

2. Ular uchun "yo‘q" so‘zining o‘zi yo‘q

Hayotning qaysidir bir bosqichida omadli inson ham rad javobiga duch kelgan bo‘ladi. Ayyorlik oqimga qarshi kurashda yashirin. 

Masalan, yozuvchi Joan Roulingni olaylik. "Harri Poter"ning bo‘lajak muallifining qo‘lyozmalari nashrga chiqishdan avval juda ko‘p marotaba rad etilgan. Bugun bu ayol - dunyodagi eng boy ayollardan biri.

"Yo‘q" - bu shunchaki kimningdir shaxsiy fikri. Omadli kishilarning o‘ziga xosligi shundaki, ular xavotir va inkorlarga qaramay maqsad sari harakat qilaverishadi. Ular bunday rad etilish shunchaki kimningdir nuqtai nazari ekanligini yaxshi bilishadi. 

3. Ular pullarni o‘zgacha sarflashadi

Haqiqiy omadli insonlar yuqori maosh va boylikning boshqa-boshqa narsalar deb hisoblashadi. Ular "oltin kishanlar" sindromini chetlab o‘tishadi va chiqimlarni kirimlar hajmiga tenglashtirishmaydi. 

Multimilliarder Uorren Baffett 31,5 ming dollarlik uyda istiqomat qiladi. Mark Tsukerberg 30 ming dollarlik Volkswagen GTI mashinasida yuradi. Milliardlab pul topish - eng qimmat buyumlarni sotib olish degani emas. Yaxshisi, pullarni biror bir ishga investitsiya qilish kerak yoki "qora kun"ga olib qo‘yish maqsadga muvofiqdir. 

Shaxsiy hisobga avtomatik tarzda pul o‘tkazish - pul yig‘ishning ajoyib usuli. 

4. Ular oqilona tavakkal qilishadi

Bill Geyts aytganidek, "ko‘p yutish uchun ko‘p tavakkal qilish kerak". Yangi investitsiya yoki korxonaga ishonish juda qiyin, ammo milliarderlarning hayotida tavakkal qilish - o‘yinning ajralmas qismi. 

Masalan, Opra Uinfri Chikagodagi kichik teleshouni olib borish uchun o‘ziga qulay bo‘lgan Baltimordagi yangiliklar boshlovchisi kasbini tark etgan. O‘sha payt u tavakkal qilgan, hozir esa uning teleshousini butun dunyoga mashhur. 

Bu degani shoshilib yoki o‘ylamay tavakkal qilish degani emas, albatta. Yaxshilab o‘ylab ko‘rilgan, hisob-kitob qilingan tavakkalga qo‘l uring. 

5. Ular o‘z atroflarida hamfikrlarini to‘plashadi

Milliarderlar o‘z-o‘zidan boyib qolishmagan. Ularning muvaffaqiyati va bugungi kundagi moliyaviy ahvoli - to‘siqlar bilan kurashishning natijasigina emas, balki boshqa odamlar bilan hamkorlik natijasi hamdir. 

"Muvaffaqiyat garovi: badavlat kishilarning kundalik odatlari" kitobi muallifi Tomas Korli badavlat insonlarning samarali muloqot (konferensiyalar, mijozlar bilan uchrashuvlar yoki shunchaki qahva ustida suhbat)ga iloji boricha ko‘proq vaqt ajratishini ta'kidlagan. Shunday ekan, ko‘proq muloqotda bo‘ling.

6. Ular o‘z oldilariga oqilona maqsadlar qo‘yishadi

Har bir insonning o‘z umid va orzulari bo‘ladi, lekin haqiqiy omadli kishilar o‘z orzularini ro‘yoga aylantirishadi va to‘g‘ri maqsadlar qo‘yishadi. Tadqiqotlar badavlat insonlarning o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yishini ko‘rsatgan.

Korli bu borada shunday deydi: "Orzu-niyatlaringiz amalga oshishi uchun avval aniq maqsadlarga ega bo‘ling, ularga intiling va hayotga tatbiq eting. Orzuni kelajakda amalga oshiriladigan alohida vazifalarga ajrating. Ma'lum bir vaqt o‘tib, bunday vazifalar sizni o‘z istaklaringiz sari yetkazishga yordam beradi".

7. Ular bo‘sh vaqtlarini shaxs sifatida rivojlanishga safarbar etishadi

Badavlat insonlarning boshqalardan asosiy farqi ularning bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishidadir. Ular qimmatli vaqtlarini seriallar ko‘rishga ketkazishmaydi - Tomas Korli tadqiqotiga ko‘ra, eng boy kishilarning 70 foizi bir kunda bir soatdan kam televizor ko‘radi. 

Buning o‘rniga ular o‘zlarining shaxs sifatida kamol topishlari hamda biznes haqida o‘ylashadi. Masalan, Bill Geyts va Uorren Baffet ilmiy-ommabop adabiyotni mutolaa qilishadi. Opra Uinfri har kuni ertalab o‘z ustida ishlaydi. 

Shunday ekan, televizor pultini qo‘yingda, shaxs sifatida rivojlaning - yangi til o‘rganing, ilhom bag‘ishlovchi kitob o‘qing. Bo‘sh vaqtingizni shu tarzda o‘tkazsangiz, o‘zingiz ham rohatlanasiz, shu bilan birga bo‘lajak omadingizga pillapoya yasaysiz.

Top