Andijonlik mehnat faxriysi Turdiali To‘ychiyev hikoya qiladi:
- Bu voqea sirayam esimdan chiqmaydi, har safar futbol qiroli Pele haqidagi maqolalarni o‘qisam, o‘sha uzoq o‘tmishim, navqiron yoshligim qaytadan yangilangandek bo‘ladi. O‘shanda harbiy xizmatda edim. Aniq eslayman, 1965 yil 15 may, shanba kuni edi. Kechki payt rotamiz komandiri naryaddan bo‘shagan ellik nafarga yaqin askarni safga tizib, shaharga, futbol maydonini qo‘riqlashga borishimizni aytdi.
Azov dengizi yaqinida bo‘lgan, hamisha yashillikka burkangan Melitopol shahrining madaniyat va istirohat bog‘idagi futbol maydoniga saf tortib kirib bordik. Bizni tomoshabinlardan ikki metr oldinga o‘rnatilgan o‘rindiqlarga jips qilib o‘tqazishdi. Jonli devor hosil qildik. Shu payt radiokarnaydan Braziliyaning San-Paulu shahrining «Santos» futbol jamoasi bilan urush yillari Kiyevning «Dinamo» jamoasida to‘p surgan faxriy futbolchilarning o‘rtoqlik uchrashuvi e'lon qilindi.

Maydonga futbolchilar chiqishganda hamma o‘rnidan turib, gulduros qarsaklar bilan kutib olishdi. Faxriylarning oldi ellikdan o‘tgan, sochlariga oq oralagan kishilar edi. «Santos» jamoasi dunyo futbolining peshqadami, o‘yinchilari esa nihoyatda kuch-g‘ayratga to‘lgan yigitlar bo‘lib, ular orasida bo‘y-basti kelishgan, unchalik qora tanli ham emas Pele hammaning nigohini o‘ziga jalb qilardi.
Bu o‘yindan maqsad - braziliyaliklarning va umuman Pelening futboldagi mahoratini namoyish qilishdan iborat ekan. Faxriylar esa shunchaki raqib sifatida, maydonga tushganlar. O‘sha o‘yinda Pele 6 marta raqib darvozasiga to‘p urdi. O‘yin so‘ngida faxriylarning hurmati uchun 11 metrli jarima to‘pi belgilanib, eng keksa faxriy to‘pni darvozaga kiritdi. Shu yerda qiziq voqea sodir bo‘ldi - «Santos» darvozaboni o‘ng tomondan kelayotgan to‘pga tashlanmay, chap tomoniga xiyol egilib qo‘ydi. Maydon uzra qarsaklar, hayqiriqlar yangrab futbolchilarni olqishladilar. O‘yin so‘ngida Pele oldingi qatordagilarning ba'zilariga qo‘l berib, ba'zilariga minnatdorchilik bilan qo‘l siltab butun maydonni aylanib chiqdi, tomoshabinlar esa unga gullar irg‘itishardi.

O‘sha yillardan so‘ng Pele qatnashgan futbol o‘yinlarini imkoni boricha televizorda ko‘rishga, radioda eshitishga qiziqib qolgandim. Shuningdek, futbol qirolining hayotini ham o‘rganib borishga harakat qildim. Matbuotda Pele to‘g‘risidagi materiallarni to‘plash odatimga aylandi.













