16:12 / 09.06.2016
15557

Yevropa chempionati haqida 9ta eng qiziqarli fakt

Sport olamida alohida o‘rin tutadigan voqea bo‘lishi kutilayotgan Yevro-2016 turniri boshlanishiga 1 kun qolmoqda. 

Sayt o‘quvchilari e'tiboriga nufuzli musobaqa haqidagi eng qiziqarli faktlar havola etiladi:

1. Fransiya o‘z hududida uchinchi marta Yevropa chempionatini qabul qiladi. 1960 yildagi turnirda Sobiq Ittifoq terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1984 yilgi mezbonlik fransuzlarga oltin medallarni olib kelgan. 

2. 2016 yilgi Yevropa chempionatida son jihatdan eng ko‘p terma jamoalar ishtirok etadi. Chempionatda g‘oliblik uchun 24ta terma jamoa kurash olib boradi. Keyingi 20 yilda o‘tkazilgan Yevropa chempionatlarida 16tadan jamoalar qatnashgandi.

3. Musobaqa tarixidagi eng kuchli to‘purarlar: 

Mishel Platini -  9ta gol; 

Alan Shirer - 7ta gol; 

Terri Anri - 6ta gol;

Patrik Klyuyvert - 6ta gol;

Krishtianu Ronaldu - 6ta gol;

Nunu Gomesh - 6ta gol; 

Zlatan Ibrahimovich - 6ta gol;

Ruud van Nistelroy - 6ta gol.

Besh martadan gol kiritgan futbolchilar qatorida Marko van Basten, Savo Miloshevich, Zinedin Zidan, Yurgen Klinsmann, Milan Barosh, Fernando Torres, Ueyn Runi nomlari bor. 

4. Shu vaqtgacha o‘tkazilgan barcha chempionatlarda g‘olib bo‘lish bo‘yicha ikkita yetakchi bor. Bular – Ispaniya va Germaniya terma jamoalari.

Ispaniya o‘z oltin medallarini 1964, 2008, 2012 yillarda qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Germaniya 1972, 1980, 1996 yillarda bosh sovrin egasi bo‘lgan. 

5. Ilk bor o‘tkazilgan ikkita chempionatda faqat to‘rttadan jamoa ishtirok etgan xolos. 1980 yildan boshlab Yevropa chempionatida 8tadan terma jamoa bahslarga kirisha boshlagan. 

6. Jahon chempionati va Yevropa chempionatlarida o‘z jamoasi bilan Kubokni qo‘lga kiritgan ikkita murabbiy bor. Bular ispaniyaliklar jamoasi ustozi Visente Del Boske va nemis Helmut Shyondir.

 7. 1964 yilgi chempionatda musobaqa tarixidagi eng tez gol urilgan. Ispaniya termasi safida to‘p suruvchi Xesus Pereda uchrashuvning 6 daqiqasida Sobiq Ittifoq termasi darvozasini nishonga olgandi.

8. Ko‘hna qit'a birinchiligi finalida bitta to‘p bilan g‘alaba qozonish eng ko‘p qayd etiladigan natijadir. Forumning uzoq yillik tarixi davomida 7 jamoa ana shunday hisob bilan g‘alaba qilgan. 

9. Yevro-1976 finali shu paytgacha penaltilar seriyasi tepilgan yagona finaldir. O‘shanda Chexoslavakiya va GFR termalari o‘rtasidagi “lotereya”da chexlarning qo‘li baland kelgan. 

Elmurod Ermatov tayyorladi

Top