Nashriyotga borsam, ustozim meni qirq yoshlarga yaqinlashgan bir kishi bilan “Sobiq mahbus Mirkomil Mirolimov” deya kulib tanishtirdi. Hoynahoy ustozim hazillashayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Hol-ahvol so‘rashgach, chekkadagi kursiga omonatgina o‘tirdim.
- Sizga topshiriq bor. Mana shu yigit haqida yozasiz. Meni esa bir joyda kutishayapti. O‘zim ham yozardimu biroz vaqt masalasi chatoqroq-da. Shuning uchun bu ishni sizga ishonib topshirayapman, - deya qo‘liga sumkasini oldida bizlarni xoli qoldirdi.
Ustozning ishonchini qozonish maqsadida ishga kirishdim. Ro‘paramdagi odam esa ichini kemirayotgan dardini doston qilishni boshladi...
Aslida hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Biroq kimdir bilib, kimdir bilmasdan jinoyatga qo‘l urishi mumkin. Ana o‘shandagina ular qilgan qilmishlaridan pushaymon bo‘lishadi. Men sizga aytib beradigan voqeadan hamon vijdonim azobda. O‘zimni o‘zim kechira olmayman. Aytib berganlarimni kimlardir o‘qib, o‘ziga saboq  chiqarsa, degan umiddaman.
O‘shanda yoshlikning eng navqiron pallasida edim. Toshkentning Qora-qamish dahasida yashaymiz. Sinfdoshlarim Shomansur va Shojalil bilan judayam inoq edik. Hammamizning o‘zimizga yarasha ishimiz bor edi.
Bir kuni Shomansur allaqayerdan chekadigan bir narsa topib keldi. Kechqurun uchalamiz uyimiz yonidagi avtobus bekatining o‘rindig‘iga o‘tirvolib, o‘sha zormandadan tatib ko‘rdik. Birozdan so‘ng uchalamiz ham o‘zimizni osmonu falakda uchib yurgandek his qildik. Bu judayam zavqli onlar edi.
Keyingi gal sinfdoshlarim bilan uchrashganimizda Shojalil Shomansurga o‘tgan gal olib kelgan sigaretidan so‘radi.
- Iye, u juda qimmat turadi. Bir tanishim bergan edi. Ammo zo‘r narsa ekan. O‘zimga ham yoqib qoldi. Pulini bersanglar olib kelib beraman, - dedi Shomansur.
- Ot bilan tuya bo‘lmasa kerak. Qancha bo‘lsa ham topib beramiz. Pulidan qochmaymiz. Axir kim uchun ishlayapmiz? O‘zimizni o‘zimiz xursand qilmasak, nima qilib yuribmiz bu dunyoda? - dedi Shojalil.
- Bo‘pti. Ertaga xuddi shu paytda uchrashamiz. Topgan pullaringni olib chiqinglar. Bir mazza qilamiz, - dedi Shomansur miyig‘ida kulib.
Shunday qilib biz giyohvand moddani sigaretga o‘rab cheka boshladik. Buni iloji boricha oila a'zollarimizga bildirmaslikka harakat qildik. Pulimiz yetmay qolganida uydagi tilla taqinchoqlarni, qimmatbaho xrustal idishlarni ham imi-jimida olib chiqib, sotadigan bo‘ldik.
Kunlarninng birida biz yana o‘sha avtobus bekatiga chiqdik. Ko‘chada birorta zog‘ ham ko‘rinmasdi. Hamma uy-uyiga qamalib olgan. Kimlardir uyquni ham urayotgandi. Ko‘chada ham onda-sonda bitta mashina o‘tib qolardi. Biz bo‘lsa Shomansur tayyorlab kelgan qo‘lbola sigaretlarni chekib huzurlanayotgandik. Shu payt bekat tomonga qorni do‘mpaygan bir ayol, qornini ushlaganicha kela boshladi. Bizlarni ko‘rib turgan joyida qoqqan qoziqdek qotib qoldi. Keyin yo‘lga qaradi. Biz esa uning bu holatidan zavqlanib kulardik. Ayol biz tomonga kelayotgan bo‘m-bo‘sh avtobusga qo‘l ko‘tardi. Shofyor ham avtobusini to‘xtatdi. Ayol hamon qornini ushlaganicha inqillab sinqillab avtobusga ko‘tarila boshladi. Shu payt Shomansur bizlarga qarab “Ketdik, yigitlar qarashvoramiz” deya avtobus tomonga yurdida boyagi ayolni turtib ortidan chiqdi. Biz ham avtobusga chiqvoldik.