23:19 / 10.06.2016
7582

AQSh prezidenti maxsus vakili: IShID jangarilari soni 19-25 minggacha kamayib ketdi

Iroq va Suriyada xunrezlik qilayotgan IShID terrorchilik guruhi jangarilari soni kamayishda davom etmoqda va o‘z nazoratida bo‘lgan hududlarni yo‘qotmoqda. Bu haqda 10 iyunda AQSh prezidentining xalqaro aksilterrorchilik koalitsiyasidagi maxsus vakili Bret Makgurk Oq uydagi brifingda ma'lum qildi

"Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, IShID jangarilari soni hozirda 19-25 ming kishini tashkil qilmoqda", deb aytdi Makgurk va bir yil avval ularning soni 35 mingdan ko‘proq bo‘lganini eslatib o‘tdi. Shu bir yil ichida jangarilar Iroqda nazorat qilgan hududlarining 50 foizini, Suriyada esa 30 foizini yo‘qotgan. Makgurk IShID strategik muhim hududlar, jumladan Suriyaning Turkiya bilan chegarasidagi hududlarni qo‘ldan chiqarayotganini ta'kidlab o‘tdi. 

Makgurk "IShID jangarilarining ruhi tushayotgani" va ular o‘z poytaxtlari Raqqa, Mosul va bir qator yirik aholi punktlarini yo‘qotishlari mumkinligi haqida gapira boshlashganini aytib o‘tdi. 

Suriyadan olingan xabarlarga ko‘ra, Suriya hukumat qo‘shinlari Rossiya aviatsiyasi ko‘magida Raqqa yo‘nalishida hujumlarni davom ettirmoqda. AQSh esa o‘z sa'y-harakatlarni suriyalik arab va kurd tuzilmalari tomonidan Turkiya chegarasi yaqinidagi Manbijada o‘tkazilayotgan operatsiyaga qaratmoqda.

Top