Ruslan Sharipov haqida onasi va hamkasblari... 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ruslan Sharipovning internetda tarqalgan suratlari va muhokamalar hali hamon tingani yo‘q. O‘g‘lining ayni kunda muhokamalar ichida qolib ketgani, suratlaridagi ko‘rinishini uning onasi qanday izohlaydi? Biz Ruslan Sharipovning onasi Lola opa bilan bog‘lanib,  uning bu boradagi fikrlari  bilan qiziqdik.  O‘zining aytishiga qaraganda Lola opaning tobi yo‘q (Ehtimol shu gap so‘zlar qattiq ta'sir qilgan bo‘lsa kerak)... 

Ammo shunday bo‘lsa-da savollarimizga javob berib, ayni damda o‘g‘lining hayotida og‘ir sinovli kunlar o‘tayotgani, xotini bilan ajrashgani, uyini sotib, ijaraga uy olib turgani, ijara vaqti tugagach, onasining uyiga kelib u bilan yashayotanini ma'lum qildi.

Lola opa biz bilan bo‘lgan suhbatini uzoq davom ettira olmadi. Biz ham uning tobi yo‘qligi bois, ortiqcha savollar berishni ep ko‘rmadik. 

Ammo xonandaning onasi bu haqda kuni kecha “Darakchi.uz” saytiga intervyu berganini aytdi. Mazkur nashrda chiqqan intervyuda Lola opa o‘g‘lining hozirgi hayot tarzini shunday ifodalagan:

— Oilaviy sabablar ham bo‘ldi... Lekin barbir inson taqdiri uchun o‘zi mas'ul bo‘lishi kerak, shu sababdan hammasiga baribir o‘zi aybdor deb o‘ylayman. Ruslan turmush o‘rtog‘ini juda qattiq sevardi, hozir ham sevadi... Uning yaxshi yashashi uchun hamma sharoitlarni yaratib berdi. Qo‘sha-qo‘sha mashinalar, uy yumushlarini bajaradigan xizmatchilardan tortib, bolalariga qaraydigan enagagacha yolladi. Hayotini turmush sharoitini doim yaxshilashga harakat qilib yurardi. To‘qlikka sho‘xlik bo‘ldimi, xotini Ruslanga boshqasini sevib qolganini va unga turmushga chiqishini aytdi. Nazarimda, Ruslanda hayotga bo‘lgan juda katta qiziqish va ishtiyoq o‘sha onda so‘ndi.

— Uning atrofidagi do‘stlari u bilan birga bo‘lishmadimi, uni qaytarishga urunishmadimi?

— Estrada olamida hech kim bir-biriga chindan do‘st emas nazarimda, bu yerda hammasi pulga bog‘liq. Bugun yulduzlik darajasiga yetgan qanchasini o‘z vaqtida shu darajaga yetishiga sababchi bo‘lgan, ammo ularning ba'zilari uning tushkunlik holatidan foydalangan vaziyatlari ham bo‘ldi.

Suratlarga nazar solgach... 

— Ha, bugun u mana shunday insonga aylangan.