18:27 / 13.06.2016
16183

250dan ortiq toshbaqa qaytarilib, "yangi uy"ga ega bo‘ldi

O‘zbekistondan noqonuniy ravishda olib chiqib ketilayotgan vaqtda qaytarilgan 250dan ortiq toshbaqa Toshkent viloyatidagi Qurama tizmasi etagida "yangi uy"ga ega bo‘ldi, deb yozmoqda "Gazeta.uz".

Toshbaqalarni o‘z tabiiy muhitlariga qaytarish tadbiri o‘tgan juma kuni - 10 iyunda bo‘lib o‘tdi, unda hayvonot va o‘simlik dunyosini qo‘riqlash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha Respublika davlat inspeksiyasi va Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassislari ishtirok etishdi. 

Mart-aprel oylarida o‘tkazilgan operativ faoliyat doirasida 2949ta toshbaqa olib qo‘yilgan, ular vaqtinchalik yovvoyi hayvonlarni boqish va ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchi Global Master Group qo‘riqxonasiga topshirilgan edi. 

Toshbaqalarni chiqarish missiyasi kechki payt amalga oshirildi, chunki shu payt havo harorati jonivorlar faolligining optimal darajasiga tushadi. O‘rta Osiyo toshbaqalari kichik guruhlarga bo‘linib, Qurama tizimi atrofidagi hududlarga qo‘yib yuborildi. Davlat tabiat qo‘mitasining axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, ularning hayotini xavf ostiga qo‘ymaslik hamda ular ko‘payishi uchun sharoit yaratishda raqobatni kuchaytirmaslik uchun shunday yo‘l tutildi.
O‘rta Osiyo toshbaqasi (Agrionemys (Testudo) horsfieldii) - sahrodagi hayvonot dunyosi vakili. Yashash joyidan kelib chiqib unga shunday nom berilgan. U Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Shimoli-sharqiy Eron, Afg‘oniston, Suriya, Livan, Hindiston va Pokistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida uchraydi. 

O‘rta Osiyo toshbaqasi O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilmagan bo‘lsa-da, u ko‘p mamlakatlarda yo‘qolib borayotgan hayvon turiga kiradi, shu bois u Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil kitobidan joy olgan.

Top