08:55 / 13.06.2016
22883

Riyoga yo‘g‘rilgan iftorliklar

Muborak Ramazon oyida ezgu amallar bajariladi, xayr-saxovatli kishilar mehr-muruvvat ko‘rsatib, yetim-yesir, beva-bechoralar holidan xabar oladilar, o‘z xonadonlarida iftorlik qilib, ro‘zadorlarni mehmon qiladilar. Albatta bu ishlar maqtovga sazovordir. Sababi hadislarning birida: “Kim bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, unga o‘sha ro‘zador ega bo‘lgan savobdan biron narsa kamaytirilmagan holda beriladi”, deyilgan. Ramazon issiq kunlarga to‘g‘ri kelgan mahalda bir ro‘zadorning savobini qo‘lga kiritish katta narsa. Lekin masalaning boshqa jihati ham borki, uni e'tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. U ham bo‘lsa iftorlik marosimlaridagi isrofgarchilik qilish, kimo‘zarga o‘ynash, dabdabaga berilish illatidir. 
     
Banda hadisda aytilgan maqomga ko‘tarilish, ro‘zador erishgan savobni qo‘lga kiritish uchun iftorlikni dabdaba bilan, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yib o‘tkazishi shart emas. Iftorlik bir piyola suv yoki choy, bir kosa ovqat bilan ham bo‘ladi. Ammo, afsuski, oramizda iftorlik qilish bilan o‘zini xalqqa ko‘z-ko‘z qiluvchilar, xo‘jako‘rsinga, riyoga harakat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Mehrga, e'tiborga, moddiy ta'minotga muhtojlar bir chetda qolib, qorni to‘qlar, boy-badavlat kishilarni iftorlikka chaqirishdan ne foyda? Ustiga-ustak bunday marosimlarda isrofgarlik juda avjiga chiqadi. Bu ishga ham mehmonga haqdor kishilarning taklif qilinmasligi sabab bo‘ladi.

Amallar qabul qilinishida eng muhim jihat niyat va amalning shariatga to‘g‘ri kelishidir. Iftorlik qilayotgan odam xolis Alloh uchun qilmoqdaman, deb niyat qilishi kerak. Shunda hamma narsa o‘z o‘rnida bo‘ladi, isrof ham, kibr ham, maqtanchoqligu har xil kimo‘zarga o‘ynash ham bo‘lmaydi. Agar iftorlik qilishdan maqsad o‘z boyligini, imoratining chiroyli chiqqaniyu qimmatbaho mebel, gilam va pardalarini ko‘rsatib qo‘yish bo‘lsa, bu iftorlikdan hech qanday foyda yo‘q. To‘g‘ri, birgina “foydasi” bor: odamlar “falonchi shunaqa iftorlik qildi. Endi dasturxonda odamdan boshqa hamma narsa bor”, deyishadi. Bilasizmi, bu qachongacha davom etadi? Keyingi iftorga borguncha. Ertasi kuni boshqa joyda mehmon bo‘lgach, kecha borilgan xonadon esdan chiqadi. Banda mana shu bir kun eslanishi uchun qilganmidi iftorlikni?! 

Iftorlik faqat odamlarni chaqirish bilan bo‘lmaydi. Shunday iftorlik qilingki, uni Alloh bilsin. Odamlar siz iftorlikning eng zo‘rini qilganingizni bilmay qo‘ya qolsin. Isrofgarchilik bilan odamlarni rozi qilaman, deb dasturxon yozsangizu ammo misqolcha savobga ham erishmasangiz, bu achinarli holat. 
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Top