10:41 / 14.06.2016
13136

Minglab insonlar Chevrolet avtomobilini yutib olish haqidagi xabarga aldanishdi

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida  Captiva, Malibu, Gentra va boshqa mashinalar yutuq sifatida qo‘yilgani va uni "layk" hamda repost evaziga yutib olish mumkinligi haqidagi xabarlar ommalashib ketdi. Qizig‘i shundaki, bu "cho‘pchak"ka o‘n mingdan ortiq foydalanuvchilar ishonishgan. Shuningdek, yolg‘on postlar qoldirayotgan Chevrolet Uzbekistan nomli sahifaga 17 mingdan ortiq kishi a'zo bo‘lgan.

Feybukdagi "soxta" Chevrolet Gentra  sahifasi xabar berishicha, O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan tarmoqda 2 ta Chevrolet Gentra avtomobilining yangi modeli o‘ynalmoqda.                                                                       Ma'lum bo‘lishicha, avtomobillar sohibiga aylanish uchun bor-yo‘g‘i uchta oddiy shartni bajarish lozim:

1. Chevrolet Gentra sahifasiga layk bosish                          

2. Bu yangilikni do‘stlar bilan bo‘lishish

3. Izohda 5 yaqin do‘stlarni qayd etish.

Bu bor-yo‘g‘i yolg‘on yangilik ekanligini bir qator nashrlar, rasmiy sahifalar qayta-qayta ta'kidlasa-da, foydalanuvchilar o‘yinda ishtirok etishda davom etishmoqda.

GM Uzbekistan matbuot xizmati bu yolg‘on xabarlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma'lum qilgan. GM Uzbekistan rasmiy akkauntida qoldirilgan xabarda qayd etilishicha, ishonchli  yangiliklar va o‘tkazilayotgan aksiyalar haqida faqatgina uzautosanoat.uz va chevrolet.uz rasmiy saytlari e'lon qiladi. Shuningdek, avto ishlab chiqarish kompaniyasining feysbukdagi rasmiy sahifasida ham aniq ma'lumotlarni olish mumkin.

Shundan so‘ng, "yolg‘on" post joylashtirilgan birinchi sahifada tanlov shunchaki "tajriba" bo‘lgani va insonlarni aldash qanchalik oson ekanligini ko‘rsatib berish maqsadida o‘tkazilgani to‘g‘risida xabar yozilgan.

Birinchi aprel - Kulgi kuni munosabati bilan feysbukdagi Matiz nomli sahifa ham hazil tariqasida yolg‘on xabar qoldirgan edi. Xabardagi jumlalar ishonarsiz va hazilga bosh bo‘lishiga qaramay, mingdan ortiq foydalanuvchi yutishiga ishongan holda izoh qoldirib, layk bosgan edi.

Top