18:57 / 15.06.2016
6228

Dubay politsiyasi ko‘cha poygachilaridan 80 dan ortiq mashinani musodara qildi

Dubay amirligi politsiyasi, avtomashinani mas'uliyatsiz boshqarishda ayblangan mahalliy stritreyserlarning 80dan ortiq avtomobilini musodara qildi, deb xabar qilmoqda Al Arabia telekanali.

Xabarlarga ko‘ra, avtomobillarning ayrimlari umumfoydalanish yo‘llarida soatiga 300 km gacha tezlikda harakatlangan. Poygachilarning aksariyati, politsiyachilarni chalg‘itish uchun davlat raqamisiz hamda tashqi yoritqich chiroqlarisiz harakatlangan. 

«Yo‘l harakati posbonlari katta miqdordagi mashinalarni hisoblab, 81 ta avtomobilni musodara qildi», — deb qayd etgan Dubay politsiyasi rahbari general-mayor Xamis al-Muzayna. 

Noqonuniy poygalarda qatnashgan haydovchilar o‘z mashinalarini qaytarib olishi uchun 100 ming dirham yoki 27 ming AQSh dollariga yaqin jarima to‘lashi kerak bo‘ladi. Motosikl egalari esa, 50 ming dirham (13,6 ming dollar) to‘lashi lozim. 

Bundan tashqari, qonunbuzarlar 3 oy muhlatda jarimani to‘lashi shart. Aks holda, mashinalar amirlik mulkiga aylanadi. Shunday qilib, Dubay politsiyasi ixtiyorida dunyodagi eng tezkor mashinalar paydo bo‘lishi mumkin. Ular orasida Porsche 918 Spyder, Audi R8, Aston Martin One-77,Bentley Continental GT, BMW M6, Bugatti Veyron, Ferrari FF, Ford Mustang, Lamborghini Aventador,McLaren MP4-12C, Mercedes-Benz SL 63 AMG, SLS AMG va G63 AMG, Nissan GT-R hamda Lexus RC F kabi mashinalar bor.

Top