10:21 / 16.06.2016
4155

AQSh demokratlari Senat faoliyatini to‘sib qo‘yishdi

15 iyun kuni Amerika demokratik partiyasi a'zolari, Kongress Senatining faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi. Ular terrorchilik faoliyatiga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslarga qurol sotishni taqiqlovchi qonun loyihasini imkonqadar tezroq muhokama qilishni talab qilishmoqda. 

Kunduzi senator-demokrat Kris Merfi Senat mazkur tashabbusni ko‘rib chiqmaguncha, ma'ruza qilaverishini aytgan edi. Nizomga ko‘ra, u qancha zarur deb topsa, shuncha vaqt minbarda qolishi mumkin. 

Senatorga so‘zlash navbati so‘rab, partiyadoshlari ko‘mak berishmoqda. Ular ham pistolet va miltiqlarni sotish muammosiga oid qarashlarini bayon qilishayapti. Shu yo‘l bilan Senatning 15 iyun kungi majlisida 44 nafar senator ma'ruza qilgan. Aslida, Senat byudjyet masalalariga oid qator loyihalar bo‘yicha ovoz berishi kerak edi. 

Ayni chog‘da, respublikachilar partiyasidan mamlakat prezidentligi uchun nomzod Donald Tramp, demokratlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. U tvitterdagi sahifasida, Milliy Miltiq uyushmasi bilan uchrashib, terrorchilikda gumon qilingan yoki tijorat aviareyslarida parvoz qilish taqiqlangan shaxslarga qurol sotmaslik masalasini muhokama qilishini bildirgan. 

AQShda ushbu mavzu muhokamasi, yakshanba 12 iyun kuni Orlando shahrida yuz bergan hodisadan so‘ng yanada avj oldi. O‘sha kuni 29 yoshli, kelib chiqishi afg‘onistonlik bo‘lgan Umar Matin noodatiy jinsiy qarashlarga ega kishilar boradigan Florida Pulse tungi klubida o‘t ochgani sabab, 49 kishi halok bo‘lgan, 53 kishi yaralangan edi.

Top