16:33 / 17.06.2016
5003

Davlat mulkini talon-taroj qilgan o‘quv sport-texnika maktabi klubi rahbariga tegishli chora ko‘rildi

Qambarali Sayfiddinov Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar”  tashkiloti Asaka tuman kengashi tasarrufidagi o‘quv sport-texnika maktabi klubi rahbari lavozimida ishlab kelardi. O‘zgalarga halollik bilan namuna bo‘lish kerak bo‘lgan bu shaxs tekin boylik orttirish ilinjiga tushdi. U ana shu maqsadda o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan muassasa tasarrufidagi jami 3 million 586 ming so‘mlik benzinni talon-taroj qilish yo‘li bilan o‘zlashtirdi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda. 
Qambarali bu jinoyatlarning izini yopishi kerak edi. Shuning uchun u bir hiyla o‘ylab topdi. Klub rahbari tasarruf qilgan 2773 litr yoqilg‘ining go‘yoki maqsadli sarflanganini amalda ko‘rsatishga urinadi. U bir nechta maxsus yo‘l varaqalariga soxta yozuvlar kiritib, qalbakilashtirib chiqadi. Ammo u qor yoqqanidan keyin ham bosilgan izlar qolishini o‘ylab ko‘rmagan edi.

Shuningdek, Q.Sayfiddinov o‘z tasarrufidagi bir nechta kompyuter, mebel va boshqa jihozlarni, ohak hamda qurilish mahsulotlarini ham sotib yuboradi va pullarni o‘z maqsadi yo‘lida sarflaydi. Jamiyatga foyda emas, qariyb o‘n million so‘mlik zarar keltirgan Qambarali shu bilan cheklanmaydi.

Sport-texnika maktabida tekshirish o‘tkazilganida u 34 million 505 ming so‘mlik majburiy soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagani ham aniqlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudi ushbu holatni ko‘rib chiqib, hukm o‘qidi. Unga ko‘ra, Qambarali Sayfiddinov 1 yil mobaynida moddiy javobgarligi bor bo‘lgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolingan holda, 2 yillik axloq tuzatish ishlari jazosiga tortildi.

Top